Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi delegatsiyasining xorijiy davlatlarga safari davomida tuzilgan investitsion loyihalar va boshqa shartnomalarning ijro holati, bu boradagi ayrim muammolar, ularning yechimiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Yig‘ilishda O‘zbekistonning Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Indoneziya, Germaniya, Kuvayt, AQSh hamda Rossiyadagi elchilari bilan bevosita videoaloqa o‘rnatildi. Videomuloqotda investitsion loyihalar va boshqa shartnomalarning ijro holati muhokama qilindi.
Joriy yilda Qoraqalpog‘istonga Germaniya, AQSh, Xitoy, Chexiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Turkiya davlatlarining tadbirkorlari, yirik kompaniyalari vakillari kelib, hamkorlikda ishlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
O‘z navbatida, Qoraqalpog‘iston delegatsiyasining xorijiy davlatlarga safari tashkil qilinib, uning doirasida 10 ga yaqin memorandum imzolandi.
Shu yil sentabr oyida Qoraqalpog‘istonda investitsion forum o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu esa xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikda ishlashga xizmat qiladi.
Izoh (0)