30-iyul, dushanba kuni Samarqandda Mudofaa vazirligiga qarashli Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida birinchi bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
3 oylik kurs davomida tahsil olgan kursantlarning 75 nafariga “Katta serjant”, 73 nafariga “Serjant” navbatdagi harbiy unvonlar, shuningdek, 198 nafariga malaka oshirgani to‘g‘risida sertifikatlar topshirildi.
Tadbirda mudofaa vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobulov, Yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati kengashi raisi Abdullo Aslanov ishtirok etdi.
Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi Prezidentning 2017-yil 12-dekabrdagi farmoniga muvofiq tashkil etilgan. Markaz Qurolli Kuchlar qo‘shinlari tarkibiga kiruvchi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya qo‘shinlarining kichik komandirlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun mo‘ljallangan.
Hozirda markazda muhandislik, aloqa, zirhli tank xizmati, artilleriya, quruqlikdagi qo‘shinlar va havo hujumidan mudofaa singari 11 mutaxassislik bo‘yicha kichik mutaxassislar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, Prezident farmoniga asosan O‘zbekistonda serjantlar tayyorlash maktablari tugatilgan va Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti o‘rnida Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi tashkil qilingan.
Izoh (0)