Tailandda tungi klubda ishlashga majburlangan ayol O‘zbekistonga qaytarildi, unga 2,5 million so‘m kredit berildi, deya “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov xabar bermoqda.
Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida yashovchi 27 yoshli N.M. bir farzandi bilan og‘ir sharoitda qolgan. Ayol tanishlarining chet elda ishlab, mo‘may pul topish haqidagi taklifiga ko‘ra Rossiyaga bormoqchi bo‘lgan. Biroq u odam savdosining qurboniga aylandi. Tanishlari uni Rossiyaga deb aldab, Qozog‘iston orqali 2017-yil 14-avgust kuni noqonuniy yo‘llar bilan Tailandga jo‘natib yuborgan. Tailandda M.G‘. ismli ayol uning fuqarolik pasportini olib qo‘yib, tungi klubda nopok ishlarni qilishga majburlaydi.
2017-yilning 12-sentabr kuni elchixonaning ko‘magi bilan N.M. O‘zbekistonga qaytib keldi.
N.M.ga psixologik xizmat ko‘rsatildi, mutasaddilar tomonidan doimiy nazoratga olindi.
— Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan N.M. maktabgacha ta’lim muassasasiga tarbiyachi vazifasiga ishga joylashtirildi. Farzandi esa bog‘chada bepul tarbiyalanmoqda. Shuningdek, bu ayolga tikuvchilik bilan shug‘ullanishi uchun 2,5 million so‘m kredit berildi. Og‘ir sharoitda yashayotgan N.M.ga imtiyozli uy-joy berish tavsiya etildi, — deydi Toshloq tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Komilaxon Kavlonova.
Izoh (0)