O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 28-iyul kuni Toshkent shahri, Mirobod tumanidagi harbiy qismga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat rahbariga harbiy qismda amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari, mudofaa tizimidagi aloqa tarmoqlarini modernizatsiya qilish, jangovar va o‘quv-tayyorgarlik jarayonini avtomatlashtirishga doir loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Mudofaa tizimida eng asosiysi — aloqa. Bu tizimni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlash, aloqa xavfsizligini chuqur biladigan mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Askarlar orasidan texnik-muhandislik qobiliyatga ega yoshlarni saralab olish, aloqachi mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan o‘quv yurtlaridagi ta’lim va amaliyot dasturini takomillashtirish, harbiylarni zamonaviy raqamli texnologiyalar bo‘yicha o‘qitish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shavkat Mirziyoyev mudofaa vazirligi qo‘shinlarida mavjud aloqa texnikalari namunalari bilan ham tanishdi. Harbiy qismda askarlarning xizmatni o‘tashi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, ular bilan suhbatlashdi.
Izoh (0)