26-iyul, payshanba kuni International mehmonxonasining Cristal Ballroom zalida chet el va mahalliy sarmoyadorlarning investitsion takliflarini ochiq muhokama qilish bo‘yicha uchinchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Tadbir O‘zbekiston Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi. Uchrashuvda yengil sanoatga sarmoya jalb qilish masalasi muhokama qilindi.
Tadbirda Indorama Industries, Silk Expert Processing, Jenshen Group singari 150 ga yaqin korxona vakillari ishtirok etdi.
An’anaga ko‘ra, Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Dilmurod Qosimov anjuman moderatori bo‘ldi.
Yagona platforma o‘z ishini boshlagandan buyon 376 ta xorijlik va mahalliy sarmoyador onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.
Bugunga qadar ulardan 310 ta murojaat kelib tushgan. Xususan, murojaatlarning 145 tasi sarmoya imkoniyatlari to‘g‘risida axborot berish, 63 tasi kredit mablag‘larini olishda duch kelingan qiyinchiliklar, 36 tasi investorlar topish, 31 tasi investitsion loyihalarni hayotga tatbiq qilish, 19 tasi yer maydoni ajratishda ko‘maklashish, 10 tasi istiqbolli loyihalarni xorijlik sarmoyadorlarga taklif qilish, 6 tasi mamlakatda investitsion muhitni yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan.
Eslatib o‘tamiz, investorlar uchrashuvlarining birinchisi 12-iyul, ikkinchisi 19-iyul kuni bo‘lib o‘tgan.
Izoh (0)