22-iyun, juma kuni AQShda 1 oydan keyin 2 yoshga to‘lishi kerak bo‘lgan egizaklar enagasining uyidagi hovuz tubidan topilgan, deb yozmoqda Forum Daily.
Bolalar darhol shifoxonaga olib borilgan. Egizaklardan biri — Elis shifoxonaga yetib borganidayoq jon bergani aniqlangan. Uning egizak ukasi Iliya 24-iyun, yakshanba kuni vafot etgan.
“Bilaman, hozir ular osmonda va hoynahoy birgalikda qiqirlab kulishayotgandir”, — deydi egizaklarning onasi Orexuela Ameliya Viand. U o‘g‘li haqida “U hech qachon egizak singlisisiz yashashni istamagan bo‘lar edi”, — deya qo‘shimcha qilgan.
Ayolning aytishicha, o‘g‘li Iliyaning organlari boshqa bolalarga yordam berish uchun shifoxonaga topshirilgan.
“Azob-uqubatlardan keyin Iliya o‘z singlisining ortidan ketdi. Ularning ikkisi ham juda kuchli edi. Elis ukasining ikkinchi yarimi edi. Ular bir-biriga qalban juda yaqin edi va hech qachon ayrilishmas edi. Hatto o‘lim kelgan chog‘da ham ular bir-biridan ajralmadi”, — deydi ona.
Ma’lum bo‘lishicha, egizaklar cho‘kib ketgan uyda Om Baby nomli bolalarga enagalik qilish markazi faoliyat yuritgan. Markaz Jen Salli nomiga ochilgan. Biroq u uyning egasi emas.
Om Baby markazining ham, Jen Sallining ham bu faoliyat bilan shug‘ullanish uchun tegishli litsenziyasining yo‘qligi aniqlangan.
Noks okrugi politsiyasi tergov ishlarini olib bormoqda.
Izoh (0)