Amu-Buxoro magistral kanalining Shofirkon shoxobchasi kanalidan suv olib Qiziltepa va Karmana tumanlaridagi sug‘oriladigan yer maydonlarini suv bilan ta’minlab kelgan “Navoiy” nasos stansiyasining oltita agregati rekonstruksiyadan so‘ng foydalanishga topshirildi, deb yozadi O‘zA.
Fransiya hukumati ishtirokida nasos stansiyasini qayta tiklash loyihasining amalga oshirilishi asosan Malikcho‘l hududining 18 ming 100 gektar sug‘oriladigan maydonlari irrigatsiya tizimini yaxshilash imkonini beradi. Mazkur bunyodkorlik ishlarining birinchi bosqichi muvaffaqiyatli ish boshladi. Joriy yil yakuniga qadar yana oltita zamonaviy agregat ishga tushirilishi belgilangan.
Mazkur nasos stansiyasi 1979-yilda ishga tushirilgan. Stansiya uzoq yillar davomida foydalanilishi natijasida uni rekonstruksiya qilish ehtiyoji paydo bo‘ldi. Shuning uchun ushbu obyektni qayta tiklash bo‘yicha yirik loyiha amalga oshirildi.
Nasos stansiyasidagi 12 ta nasos agregatining har birining suv chiqarish quvvati soniyasiga 1,5 metr kub bo‘lsa-da, eskirgani bois amalda soniyasiga 1,1 metr kub miqdorida suv chiqarar va buning uchun 2 ming kVt/soat elektr energiyasi sarflanar edi. Rekonstruksiyadan keyin o‘rnatilgan yangi nasos agregatining suv chiqarish quvvati soniyasiga 1,9 metr kub bo‘lib, bu miqdordagi suvni chiqarish uchun 1 ming 800 kVt/soat elektr energiyasi sarflanadi. Bu anchagina elektr energiyasini tejab qolish imkonini beradi. Asosiysi, umumiy hosildorlik gektariga o‘rtacha 4—5 sentnerga oshib, qishloq xo‘jaligi infratuzilmasi yaxshilanishi, fermer xo‘jaliklarining rivojlanishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishida muhim omil bo‘ladi.
Izoh (0)