Jizzaxdagi “Forish” tog‘ poligonida O‘zbekiston hamda Qozog‘iston maxsus operatsiya kuchlari ishtirokida ikki mamlakat o‘rtasidagi qo‘shma mashg‘ulotlarning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Noqulay iqlim sharoitlarida tog‘li hududlarda shartli noqonuniy qurollangan kuchlar tahdidini qaytarishga qaratilgan mashqlar orqali ikki mamlakat harbiy xizmatchilari jahonda va mintaqada keskin o‘zgarib borayotgan harbiy siyosiy vaziyat, milliy va global xavfsizlik sohasida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan xatar va tahdidlarga qarshi kurashishning eng ma’qul usul va uslublarini qo‘llash borasida o‘zaro tajriba almashdilar.
Tomonlarning o‘zaro aniq harakatlari natijasida, har ikki davlat hududida maxsus operatsiyalarni o‘tkazishda kontingentlarni boshqarish va ularni to‘liq ta’minlash masalalari ishlab chiqildi.
Mashg‘ulotlarning ikkinchi ko‘rinishida shartli dushmannning jangovar texnikalari va tirik kuchlariga Su-25 jangovar samolyotlari va MI-24 vertolyotlaridan qaqshatqich zarbalar berildi.
Izoh (0)