Bugun, 17-iyul kuni OAVda Toshkent shahrining sobiq hokimi Rahmonbek Usmonov hibsga olingani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ammo bosh prokuratura matbuot xizmati bu xabarlarni tasdiqlamadi, deb yozadi “Novosti Uzbekistana”.
Xabarlarda sobiq hokim poraxo‘rlik va mansabni suiiste’mol qilishda ayblangan. Tegishli moddalar bo‘yicha unga nisbatan ish qo‘zg‘atilgani ham yozilgan edi.
Ammo bosh prokuratura bu axborotni rasman inkor etdi.
“Bizda bunday ma’lumot yo‘q. Bosh prokuratura yurituvida bunday jinoyat ishi borligi haqida ma’lumot yo‘q”, — ma’lum qildi idora matbuot kotibi Surayyo Rahmonova.
Ayni paytda bir haftacha oldin prokuratura Usmonov tomonidan turli yillarda imzolangan, yer uchastkalari ajratilishi haqidagi qarorlarni to‘xtatgani ma’lum bo‘ldi. Lekin bosh prokuratura vakillari bu sobiq hokimni hibsga olish uchun asos bo‘lmasligini tushuntirdi.
Joriy yil aprelida Rahmonbek Usmonov poytaxt hokimligidan bo‘shatilib, O‘zbekiston avtomobil transporti agentligiga boshliqning birinchi o‘rinbosari sifatida o‘tkazilgan edi.
Izoh (0)