Yaponiya janubi-g‘arbi va markazida yuz bergan suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 209 taga yetdi. Bu haqda Yaponiya vazirlar mahkamasining bosh kotibi Yosixide Suga Tokioda 14-iyul, shanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Tabiiy ofat natijasida jarohat olgan bir kishining ahvoli o‘ta og‘ir, deya baholanmoqda. Rasman 20 kishi bedarak yo‘qolgan deb e’lon qilingan. Shu bilan birgalikda, yana 28 kishining qayerda ekani aniqlanmagan.
Bosh kotib Suganing so‘zlariga qaraganda, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish ishlariga politsiya, mudofaa kuchlari va yong‘in xavfsizligi xizmatining 63 ming xodimi jalb qilingan. Joylarga 80 ta vertolyot yuborilgan.
Suv toshqinlaridan jabr ko‘rgan hududlarda hamon yer ko‘chishi xavfi bor. 35 daraja issiq ob-havo mavjud vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Vaholanki, 200 mingga yaqin uy-xo‘jaliklari hamon suvsiz qolmoqda. Jabr ko‘rgan hududlarning 5 mingdan ortiq aholisi evakuatsiya punktlariga ko‘chirilgan.
15-iyul, yakshanba kuni bosh vazir Sindzo Abe Xirosima prefekturasiga tashrif buyuradi. Bu bosh vazirning so‘nggi 5 kun ichida jabr ko‘rgan hududlarga amalga oshirgan uchinchi tashrifi bo‘ladi. Tanqidchilarning fikricha, Abe shu yo‘l bilan sentabrda bo‘lib o‘tadigan Liberal-demokratik partiya raisi saylovlari oldidan jamoatchilikning xayrixohligiga erishmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, Yaponiyada o‘tgan hafta o‘rtalarida “Prapirun” tayfuni kuchli jalani keltirib chiqargan. Bu esa daryolar suvining ko‘payishi va yer ko‘chishlariga olib kelgan. Tabiiy ofatlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 8-iyul, yakshanba 80 nafar, 10-iyul, seshanba kuni 140 nafar, shu kunning ikkinchi yarmida 157 nafar, 11-iyul, chorshanba kuni 176 nafar, 13-iyul, juma kuni 204 nafarga yetgani ma’lum qilingan. Shuningdek, 4 mingga yaqin kishi kommunikatsiya vositalaridan uzilib qolgani haqida xabar berilgan.
Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abega ta’ziya bildirgan.
Izoh (0)