Yaponiyada jala hamda ular tufayli yuz bergan suv toshqinlari va yer ko‘chishlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 204 taga yetdi. Bu haqda mamlakat politsiyasi bosh boshqarmasining 13-iyul, juma kuni bergan ma’lumotiga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Tabiiy ofat oqibatida 60 dan ortiq kishi bedarak yo‘qolgan. Favqulodda holat xizmatlari politsiya va mamlakat mudofaa kuchlari askarlari ko‘magida qidiruv va qutqarish ishlarini davom ettirmoqda.
Yaponiyada o‘tgan hafta o‘rtalarida “Prapirun” tayfuni kuchli jalani keltirib chiqargan. Bu esa daryolar suvining ko‘payishi va yer ko‘chishlariga olib kelgan. 1953-yildan buyon Yaponiyada suv toshqini oqibatida eng katta miqdordagi qurbonlar shu hafta ichida qayd etilgan. 1953-yili mamlakat g‘arbidagi Kyusyu orolida 759 kishi halok bo‘lgan, 450 mingdan ortiq kishi boshpanasiz qolgan.
Eslatib o‘tamiz, tabiiy ofatdan Xirosima prefekturasi eng ko‘p jabr ko‘rgan. 8-iyul, yakshanba kuni suv toshqinlari qurbonlari soni 80 kishidan oshgan. 10-iyul, seshanba kuni halok bo‘lganlar 140 kishini tashkil qilgani xabar qilingan, so‘ng kunning ikkinchi yarmida qurbonlar soni 157 taga yetgan. 11-iyul, chorshanba kuni 176 kishining halok bo‘lgani ma’lum qilingan.
Izoh (0)