Asli qashqadaryolik AQSh fuqarosi Zokir Aliyev 16-iyun kuni Amerikadan Chiroqchidagi ota uyiga kelgan vaqti qo‘lga olingan edi. U 22-iyungacha hibsda saqlangan, so‘ng unga nisbatan ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, Qashqadaryodan chiqib ketmaslik sharti bilan qo‘yib yuborilgan. Unga nisbatan 2005-yili Jinoyat kodeksining 159, 223 va 224-2-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingan edi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
2-iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi Zokir Aliyevga nisbatan hukm chiqardi. Xususan, u Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismida (O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 244-2-moddasi 1-qismida (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan.
“Sud O‘zbekiston Konstitutsiyasi va jinoyat qonunchiligida o‘zining teran ifodasini topgan insonparvarlik, bag‘rikenglik va adolat tamoyillaridan kelib chiqib, sudlanuvchiga jazo tayinladi”, — deyiladi Oliy sud matbuot kotibi tomonidan tarqatilgan axborotda.
Sud Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) va 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) qo‘llagan holda, Zokir Aliyevga 18 yil avvalgi (ya’ni, jinoyat sodir etilgan vaqtdagi) eng kam oylik ish haqining 600 barobari miqdorida — 1,05 million so‘m jarima jazosi tayinlagan. Bunda “Zokir Aliyev 2000-yildan boshlab to O‘zbekistonga kelguniga qadar qariyb 18 yil davomida jinoiy faoliyat bilan boshqa shug‘ullanmaganligi inobatga olingan”.
Izoh (0)