Innovatsion rivojlanish vazirligida Xitoyning Chansha shahridagi Xay-tek milliy sanoat rivojlanish zonasining bosh direktori o‘rinbosari Chen Datsin boshchiligidagi 11 kishidan iborat delegatsiyani vazir Ibrohim Abdurahmonov qabul qildi. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xuan provinsiyasida joylashgan Janubiy Xitoyning yirik ma’muriy-sanoat markazi bo‘lmish Chansha mamlakatning eng rivojlangan 20 ta shahridan biri. Mazkur xay-tek markazi hukumat tomonidan tashkil etilib, davlat tasarrufida faoliyat yuritsa-da, 25 mingga yaqin xususiy kompaniyani o‘zida birlashtiradi. Bu kompaniyalarning xorijda 22 ta vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda.
– Xitoy 40 yildan beri ilmiy-tadqiqotlar natijalarini sanoatga joriy qilish bilan shug‘ullanib kelmoqda va bizda bu sohada katta tajriba bor, — dedi janob Datsin. — Mana shu tajriba bilan o‘rtoqlashish maqsadida O‘zbekistonda hamkorlikda innovatsion sanoat parkini tashkil qilish har ikki tomon uchun ham manfaatli hamkorlikning boshlanishi bo‘lardi. Biz O‘zbekistonga nafaqat yangi texnologiyalarni, balki innovatsiyalarni tatbiq qilish tajribasiga ega bo‘lgan boshqaruvchilar, malakali kadrlarni ham olib kirish orqali hamkorligimiz samarasini yanada oshiramiz.
Innovatsion taraqqiyot yo‘lida boshqa mamlakatlar tomonidan qilingan xatolarni takrorlamaslik, O‘zbekistondagi mavjud shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda xorij tajribasidan foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Do‘stona ruhda o‘tgan muzokaralar natijasida tomonlar hamkorlikning yo‘l xaritasini tuzishga kelishdi.
Izoh (0)