Butun dunyo Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning amerikalik hamkasbi Donald Trampning 16-iyul kungi uchrashuvi Xelsinkining aynan qaysi qismida bo‘lib o‘tishi haqidagi ma’lumotni kutar ekan, fin OAVlari jurnalistlari bu Vantaa shahridagi Kyonigsted qo‘rg‘oni bo‘lishi ehtimoli yuqori deb hisoblamoqda, deb yozadi “RIA Novosti”.
Avvalroq Donald Tramp va Vladimir Putin Xelsinkida uchrashishi ma’lum bo‘ldi. Kremlning ma’lum qilishicha, sammitda prezidentlar ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishning kelajakdagi istiqbollari, xalqaro kun tartibdagi aktual masalalarni muhokama qilishni rejalashtirmoqda.
Qo‘rg‘on 35 gektar hududga ega bo‘lib, janubda Vantaa daryosi bilan chegaradosh, shimol, g‘arb va sharq tomonlardan o‘rmonlari bilan qurshab olingan. Hududga yagona, yaxshi qo‘riqlanuvchi yo‘l orqali kirish mumkin. Shu tariqa, u eng himoyalangan joylardan biridir.
Qo‘rg‘on Finlyandiya hukumati, parlament, sud instansiyalari vakillari tomonidan, shuningdek xalqaro muzokaralar uchun qo‘llaniladi. 2018-yilda muhim uchrashuvlar: KXDR va AQSh delegatsiyalarining muzokaralari, shuningdek, Rossiya Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov va AQSh Qurolli kuchlari rahbarlar shtabi birlashgan qo‘mitasi raisi Jozef Danfordning uchrashuvi aynan shu yerda bo‘lib o‘tgan.
Izoh (0)