Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida 30-iyun — Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tadbirlar “Yoshlar — kelajagimiz” shiori ostidagi velomarofandan boshlandi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ittifoq qishlog‘idan Eski yer suv omborigacha bo‘lgan 10 kilometrlik masofada 70 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Ular orasida hatto faxriylarni ham ko‘rish mumkin edi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi tomonidan shu kuni e’tiborga muhtoj o‘nlab yoshlarning xonadonlariga badiiy kitoblar tarqatildi.
Tuman markazidagi maydonda mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda Yangiqo‘rg‘ondagi o‘nlab korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.
Tuman ma’muriyati binosida bo‘lib o‘tgan “Hokim bilan uchrashuv” loyihasi doirasida turli musobaqa va tanlovlarda ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbirda O‘zbekistonda xizmat qo‘rsatgan artist, Respublika kino arboblari ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonovning ishtiroki yoshlar olqishiga sabab bo‘ldi.
Bayram tadbirlari “Eko-park” hududidagi katta bayram konserti bilan yakunlandi.
Izoh (0)