O‘zbekistonda oxirgi 3 yil mobaynida ishlab chiqarishda 1214 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi, ulardan 241 tasi o‘lim bilan yakunlandi. Bu ma’lumotlar Davlat rahbarining “O‘zbekiston fuqarolarining mehnat muhofazasi va mehnat huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasida keltirilgan, deya xabar beradi “Podrobno.uz”.
Hujjatda fuqarolarning mehnat huquqlari buzilishi va majburiy mehnat ko‘rinishlar yuzasidan murojaatlari soni 21 mingtaga yetgani, ayniqsa xususiy sektorda bu muammo dolzarb tus olgani qayd etilgan.
Mamlakatda bu boradagi vaziyatni o‘zgartirish uchun Davlat mehnat huquq inspeksiyasi va Mehnatni muhofaza qilish va mehnat sharoitlarini ekspertizadan o‘tkazish davlat inspeksiyasini birlashtirish yo‘li bilan Davlat mehnat inspeksiyasini tuzish rejalashtirilmoqda.
Yangi inspeksiya jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari asosida huquqiy va mulkiy shaklidan qat’iy nazar, barcha korxona va tashkilotlarda bandlik, mehnat va mehnat muhofazasi bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan rejadan tashqari qisqa muddatli tekshiruvlar o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi.
Hujjatda inspeksiya tomonidan mehnat qonunchiligiga bo‘ysunmaslik holatlari takror qayd etilgan, jumladan, ish beruvchi bilan mehnat munosabatlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan taqdirda, jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan jazoni qo‘llash taklif etilgan.
Izoh (0)