Vyetnam shimoli-g‘arbida o‘tgan hafta oxiridan boshlab so‘nggi yillardagi eng kuchli suv toshqini kuzatilmoqda. Uning oqibatida 22 kishi halok bo‘lgan, 9 kishi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda tabiiy ofatlar oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha Vyetnam milliy qo‘mitasining bergan ma’lumotiga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar sifatida Laytyau, Laokay, Xazyang provinsiyalari, shuningdek, Txaynguyen va Yenbay provinsiyalarining ayrim dahalari aytilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, bu hududlarda suv toshqini oqibatida 1,5 mingta turar-joy qisman yoki butunlay vayron bo‘lgan. 6 ming bosh uy hayvoni halok bo‘lib, 1,2 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlariga zarar yetgan. Toshqin oqibatida to‘g‘onlar buzilib, avtomobil yo‘llarini suv bosgan. Natijada mamlakat shimoli-g‘arbida transport harakati to‘xtab qolgan. Tabiiy ofat yetkazgan moliyaviy zarar 20 million dollarga (458 milliard dong) teng deb baholanmoqda.
Jabr ko‘rgan hududlarga bosh vazir o‘rinbosari Chin Din Zung boshchiligidagi hukumat favqulodda komissiyasi vakillari bordi. Bosh vazir o‘rinbosari ofat qurboni bo‘lgan oilalarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish lozimligini aytgan. Uning so‘zlariga qaraganda, barcha jabrlanuvchilar vaqtinchalik turar-joy va oziq-ovqat bilan ta’minlanadi. Mahalliy hukumat suv toshqinidan zarar ko‘rgan hududlardagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun barcha zarur choralarni amalga oshirmoqda.
Izoh (0)