Mudofaa vazirligi sport majmuasida O‘zbekiston Qurolli Kuchlar vazirlik va idoralarning faxriylari o‘rtasida sportning yettita turi bo‘yicha o‘zaro bellashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Musobaqadan ko‘zlangan asosiy maqsad — harbiy veteranlar va faxriylar, ularning oila a’zolari madaniy hordiq chiqarishlari va ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdan iborat.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Mudofaa vazirligida 17 mingdan ortiq faxriylar bo‘lib, ularning ko‘pchiligi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarida faol ishtirok etmoqda.
Bellashuvda Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, “Vatanparvar” va “Veteran” tashkilotlarining faxriylari ishtirok etdi.
Mini-futbol, voleybol, shaxmat-shashka, tennis, stol tennisi, arqon tortish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro kuch sinashgan faxriy harbiy xizmatchilar jismonan baquvvatligini isbotlashdi.
Bellashuv yakuniga ko‘ra, Mudofaa vazirligi faxriylari umumjamoa hisobida birinchilikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Davlat xavfsizlik xizmati faxriylariga nasib etdi. Uchinchi o‘rinni esa O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti faxriylari egalladi.
Izoh (0)