Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Termiz filiali ish boshladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tibbiyot xodimlari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etgan tadbirda Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Z. Siddiqov va boshqalar mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Shifoxonada yo‘lga qo‘yilgan telemeditsina mamlakatimiz va xorijdagi klinikalar bilan hamkorlik qilish imkoniyatini kengaytiradi. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan mobil oftalmologik majmua viloyatning chekka hududlaridagi aholini malakali tibbiy diagnostika bilan qamrab olish ko‘lamini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Tibbiyot muassasasida bemorlar uchun zarur qulayliklar yaratishga viloyat hokimligi ham alohida ahamiyat berdi. Hududning issiq iqlimi e’tiborga olinib, xonalar quyosh nuridan himoyalovchi pardalar, sovutgich bilan ta’minlandi, derazalarga dekorativ himoya metall to‘siqlar o‘rnatildi. Har bir davolanish xonasida bemorlar uchun alohida yuvinish xonasi va boshqa qo‘shimcha xonalar barpo etildi. Buning uchun 300 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Bunday qulaylikdan mijozlar ham juda mamnun.
Joriy yilda shifoxona qariyb 500 ming dollarlik zamonaviy uskunalar bilan qayta jihozlanadi.
Izoh (0)