O‘zA Milliy axborot agentligi asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning muvaffaqiyatiga erishish tarixi haqidagi maqolaning 3-qismini e’lon qildi. Uni to‘lig‘icha keltirib o‘tamiz.
Bloomberg nashriyoti 2012-yilning mart oyida Alisher Usmonovni Rossiyaning eng badavlat kishisi, deb e’lon qildi. Shu paytda uning 20 milliard AQSh dollarlik mol-dunyosi bor edi. Bloomberg Markets jurnali 2013-yili Alisher Usmonovni dunyoning besh nafar eng mashhur biznes kishilari qatoriga qo‘shdi.
Alisher Usmonov ko‘p joylarda ishladi, turli vazifalarni bajardi, tinmadi. 1997-yili yirik investitsiya loyihalarini joriy etish bo‘yicha maxsus tuzilgan PAO “Gazprom”ning sho‘ba (dochernyaya) kompaniyasida 15 yil bosh direktor bo‘lib xizmat qildi. Va nihoyat, tarkibida “Metalloinvest” xoldingi, “MegaFon” va “Skartel” aloqa operatorlari, internet-bozoridagi rus segmentining lideri bo‘lgan Mail.Ru Group, Disney Russia, “MUZ-TV” va “Yu” telekanallarini birlashtirib o‘zining nomidagi USM Holdings kompaniyasiga asos soldi.
Alisher Usmonov Rossiyadagi bag‘ri keng, qo‘li ham, ko‘ngli ham ochiq homiylardan biri hisoblanadi. 2007-yili Londondagi mashhur Sotheby’s auksionida sotilish arafasida turgan mashhur sozanda Mstislav Rostropovich bilan uning rafiqasi, opera qo‘shiqchisi Galina Vishnevskayaning umumiy bahosi 111 million 750 ming dollar qiymatga ega bo‘lgan 450 lotli kolleksiyasini xarid qilib olib Rossiya davlatiga hadya etdi. 2007-yili Amerikaning Oleg Vidovga qarashli Films by Jove, Inc kompaniyasidan sobiq Ittifoq davrida qandaydir yo‘llar bilan xorijga ketib qolgan sovet multfilmlariga bo‘lgan huquqini to‘laligicha sotib oladi va Rossiyaning “Bibigon” bolalar telekanaliga hadya qiladi.
Alisher Usmonovning “San’at, fan va sport” Fondi Frans Xals Starshiy chizgan “Mark yevangelist” kartinasini sotib olib bir vaqtlar chet elga olib ketilgan bu mashhur tasviriy san’at asarini Moskvadagi Pushkin nomli tasviriy san’at davlat muzeyiga qaytarib berdi.
Alisher Usmonov Rossiya futboli va futbol o‘yinchilarining ham katta ishqibozi, shinavandasi, homiysi. 2015-yil u Rossiya futbol uyushmasiga 1 millard rubllik beg‘araz homiylik yordami ko‘rsatdi. Undan biroz ilgari Rossiya futbol uyushmasiga 400 million rubl o‘tkazib, terma komandaning avvalgi treneri Fabio Kapelloga qarz bo‘lib qolgan 8 oylik ish haqini to‘lab bergan edi.
Alisher Usmonov 10 yildan buyon (2008-y.) qilichbozlik bo‘yicha Xalqaro federatsiya prezidenti. 2014-yil Sochida o‘tgan XXII qishki Olimpiya o‘yinlari va XI Paralimpiya o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish Kengashining a’zosi, Rossiya olimpiadachilarini qo‘llab-quvvatlash vasiylik Kengashining ham a’zosidir.
Toshkentda qilichbozlik seksiyasiga qatnashib yurgan kezlari Alisher badiiy gimnastika bo‘yicha olimpiya chempioni Irina Vinner bilan tanishib qoladi. Keyin ko‘pchilikka ma’lum bo‘lishicha, sud, qamoq, ayriliq... Qamoqda o‘tirgan paytida Alisher Irinaga bo‘lgan qalbidagi hissiyot oddiy bir havas emas haqiqiy muhabbat ekanligini anglaydi. O‘zi shaxsan uchrashib mehr-muhabbatini izhor qilishga imkoni bo‘lmagan Alisher 1980-yili qamoqda turib yaxshi ko‘rgan mahbubasi Irina Vinnerga chiroyli gulli ro‘molcha jo‘natadi. Bu qadimgi urf-odatga ko‘ra yigit ko‘nglidagi ayol bilan turmush qurish niyati borligidan dalolat berar edi. Irina buni qalban his etadi va o‘zi kutayotgan voqea sodir bo‘layotganini sezib rozi bo‘ladi. Bu mashaqqatli og‘ir ayriliq yillari ko‘ngli o‘ksik Alisherning yagona tayanchi Irina Vinner bo‘ldi. Ular doimo maktub yozishib, arz-u dodlarini aytib bir birini yupatishar edi. Alisher bilan Irina qamoqdan chiqqandan keyin nikohdan o‘tishdi. Shunday qilib 1992-yili qilichbozlik ustasi Alisher bilan Olimpiya chempioni Irina Vinnerning to‘yi bo‘lib o‘tadi.
Sportdan chiqqan Usmonovlar oilasi mana hozir ham katta sport ishlari bilan mashg‘ul. Alisher Usmonov qilichbozlik bo‘yicha Xalqaro Federatsiya Prezidenti bo‘lsa, turmush o‘rtog‘i Irina Vinner badiiy gimnastika bo‘yicha Xalqaro Federatsiya Prezidenti va Badiiy gimnastika bo‘yicha Xalqaro Federatsiyasi texnika qo‘mitasining vitse-Prezidentidir.
2016-yili 12,5 milliardlik mol-mulki bo‘lgan Alisher Usmonov Rossiyaning 200 nafar eng boy biznesmenlari qatoridan 3-o‘rinni oldi. 2017-yili uning mablag‘i 15,2 millard AQSh dollari bo‘lib 5 o‘rinni egalladi. Bir biznesmen mol-mulkiga tegishli turli raqamlarni keltirishimizdan hayron bo‘lmang, ochiq, rasmiy, oq biznes ana shunaqa bo‘ladi. Jahondagi iqtisodiy silsilalar, inqirozlar tufayli bir gal 20 milliard bo‘lib turgan kapitalingiz shu kungi neft, gaz yoki oltinning bahosiga qarab 15 milliardga tushib qolishi yoki ko‘tarilib ketishi mumkin.
Endi eng so‘nggi yangiliklardan bittasiga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. 2018-yili bahorda Toshkentdagi “O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyida buyuk kinoaktyor, rejissor, jahon “so‘zsiz kino”sining “qiroli” deb nom olgan mashhur Charli Chaplinning “Katta shahar chiroqlari” filmining namoyishi bo‘lib o‘tdi. 1930-yillar jahon kinematografiyasining shedevri deb e’tirof etilgan bu film Rossiya Milliy filarmoniyasi orkestrining badiiy rahbari, buyuk dirijyor Vladimir Spivak rahbarligida yangragan jonli musiqa sadolari ostida namoyish etildi. Mazkur konsert dasturi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi bilan Alisher Usmonovning “San’at, fan va sport” Rossiya fondi tomonidan hamkorlikda tashkil etildi. Mazkur film-konsert kino san’ati endi paydo bo‘layotgan XX asr boshlaridagi madaniy muhitni, u paytda endi namoyish etila boshlagan dastlabki kinofilmlarni, o‘sha davr va muhitni eslatdi.
Sarmoyador vatandoshlarimizning insonparvarlik faoliyatini ko‘rib xursand bo‘lasan kishi. Bir yerdan, bir eldan bo‘lganingga, ularning ishbilarmonligi, uddaburonligi, maqsadni aniq qilib qo‘yishi va unga albatta erishishini, ayni bir paytda qo‘lining ochiqligi-yu bag‘rining kengligiga havas qilasan, faxrlanasan. Gap shundaki, bugun o‘z vatani O‘zbekistonga investitsiya kiritishni xohlayotgan xorijdagi o‘zbeklar bitta emas: Iskandar Mahmudov, Fattoh Shodiyev, Alisher Usmonov ana shular qatoridan o‘rin olgan. Ular o‘z vatanidagi so‘nggi olamshumul o‘zgarishlarni ko‘rib bir emas bir nechta loyihalarda qatnashishga, ezgu ishlar qilib o‘zlari haqida yaxshi nom qoldirishga oshiqishmoqda.
O‘zbekistonda ko‘proq tanish bo‘lgan, xalq orasida ham yuqori doiralarda ham katta obro‘-e’tiborga ega Alisher Usmonov Toshkentdagi Islom madaniyati markazi qurilishiga mablag‘ ajratish niyatini borligini bildirdi. Shunday qilib, boshqa davlatda, o‘zga tamaddun hukmron bo‘lgan muhit-sharoitda ko‘p yillardan buyon yashayotgan bo‘lsa ham hamyurtlarimiz qalbida Vataniga, o‘zlari uchun muqaddas bo‘lgan ota makon, ona tuprog‘iga sodiqligi, hurmati, mehru muhabbati saqlanib qolgan.
Rossiyalik vatandoshlarimiz Buxoroi sharifdagi turistlar saylgohi qurilishiga O‘zbekiston hukumati va boshqa investorlar bilan hamkorlikda mablag‘ kiritish istagini bildirdilar. Alisher Usmonovning mablag‘i hisobiga yaqin kunlarda Buxoro shahri va uning atrofida 10 gektardan kattaroq bo‘lgan maydonda butun bir zamonaviy turistik kompleks — saylgoh paydo bo‘ladi.
Yangi turistik saylgoh G‘ijduvon ko‘chasi va “Ko‘hna va boqiy Buxoro” madaniy majmuasi oralig‘ida joylashgan joyda barpo etiladi. Saylgoh maydonida pastqavatli zamonaviy mehmonxonalar, madaniy-sog‘lomlashtirish va savdo-ko‘ngilochar markazlarini barpo etish rejalashtirilgan. Ularda kunu-tun chet ellik sayyohlarga xizmat ko‘rsatish va maroqli hordiq chiqarish ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Turistik zonada turli shoular, o‘tmish voqealari aks ettirilgan teatrlashtirilgan konsert tomoshalari namoyish etiladi va folklor ansambllari bilan bir qatorda zamonaviy estrada xonandalari chiqishlari, milliy modalar namoyishi va boshqa tomoshabop tadbirlar tashkillashtiriladi.
Yangi turistik hudud Internetga to‘liq bepul ulanish imkoniyatini beradigan Wi-Fi bilan qamrab olinadi
Yaxshi niyatli, bag‘ri keng, ko‘ngli ham qo‘li ham ochiq odamlar topilsa jumlai jahon yordam ko‘rsatayotgandek bo‘lar ekan. Saylgoh – majmuada katta mulkdorlar uchun alohida, o‘rta va kichik tadbirkorlar uchun alohida va fuqarolar uchun ham alohida shinam, narhi ham arzonroq bo‘lgan turli toifadagi mehmonxonalar, restoranlar, milliy sovg‘a-salom suvenir do‘konlari, butun bir dam olish, hordiq chiqarish markazi qurilishi rejalashtirilgan.
Uzoq yillar davomida boshqa yurtda, boshqa muhitda faoliyat ko‘rsatgan mashhur vatandoshlarimiz O‘zbekiston uchun nihoyatda muhim bo‘lgan bugungi kunda o‘z vatanining quvonchu tashvishlariga sherik bo‘lish niyatini bildirmoqdalar. Buni tushunsa bo‘ladi, vatandoshlarimiz qayerda, u Belgiya bo‘ladimi, Rossiyami, Qozog‘istonmi va qanday sharoitlarda bo‘lmasin, bugun ular uchun kindik qoni to‘kilgan ota-bobolari makoniga, oltin tuprog‘iga teng jannat bo‘lmasa kerak dunyoda. Bobo va momolarining mozorlari bo‘lgan bu mo‘tabar-muqaddas yerda ularni avlod-ajdodlarining ruhi qo‘llab quvvatlaydi. Boz ustiga, belgiyaliklar juda xush ko‘radigan “kartofel chipsi”si yoki “belgiya vaflisi” bo‘ladimi, ruslarning pelmeni, borshchimi yoki qozoqlarning beshbarmog‘imi, bari-bir suv bo‘yidagi salqin-soyada joylashgan o‘zbek choyxonasida, qozonda, ochiq havo-yu ochiq olovda tayyorlanayotgan choyxona paloviga, bug‘i chiqib turgan samovar choyiga, bu yerdagi do‘stlarining hazil-u askiyalariga, shirin suhbatiga nima yetsin. O‘zbek qayerda bo‘lmasin bu muhitni sog‘inadi, qo‘msaydi, unuta olmaydi, borgan joyidan albatta qaytib keladi.
***
Endi milliarderlarning dam olishi, ishqivozligi yoki “xobbi”si deymiz-mi, ana shular to‘g‘risida ham ikki og‘izgina to‘xtalib o‘tamiz. Agar biznesmen boy yoki juda ham boy bo‘lsa, mol-mulki, puli-mablag‘i qancha ekanligini hatto o‘zi ham bilmasa, unda milliarderlarning badavlatligini uni limuzinining uzunligiga yoki ko‘l va dengizlarda suzayotgan shaxsiy yaxtasining o‘lchovlari: suv sig‘imi, machtasining balandligi, kema bortining kengligi, yaxta kayutalarining soni-yu yaxtasining uzunligi necha o‘n metr ekanligiga qarab o‘lchanadi. Hozir o‘nlab rossiyaliklar uzunligi 100 metrdan oshgan yaxtalarga ega. Bular qatoriga Dmitriy Pumpyanskiyning Blade yaxtasi, Alisher Usmanovning Dilbar nomli yaxtasi, Andrey Melnichenkoning Sailing Yacht yaxtasi kiradi. Ular qatorida Roman Abramovichning 113 metr uzunlikdagi, bir paytlar jahonda eng uzun va katta deb hisoblangan, Le Grand Bleu yaxtasi ham bor. Yaqin-yaqingacha eng zo‘r deb yuritilgan Eclipse yaxtasi bugun ikkinchi o‘ringa tushib qoldi. Hozir Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti — Abu-Dabi amiri ixtiyorida bo‘lgan 180 metr uzunlikdagi Azzam yaxtasi birinchi o‘ringa chiqib olgan.
Bir qonuniyat sezilmoqda. Rossiyaliklar ixtiyoridagi yaxtalarning soni keyingi paytda jahon bozoridagi neftning bahosi bilan chambarchas bog‘liqligi ma’lum bo‘lib qoldi. 2000—2008 yillari bir barrel neft 30 dollardan 140 dollarga qadar ko‘tarilganida yaxtalik rossiyaliklar soni ayniqsa ko‘paydi. USM Holding kompaniyasining egasi Alisher Usmonov ekstra klass mavqeidagi bir yo‘la uchta yaxtaning egasi bo‘ldi. 66 metrli Natita yaxtasi 2005 yilda Niderlandiyaning okean qirg‘og‘idagi mashhur Oceanco yaxta qurish verfida yig‘ilgan. Uzunligi 110 metr. Hisob bo‘yicha ikkinchi raqamga ega bo‘lgan bu yaxtaning nomi “Ona” bo‘lib u Usmonovga 200 million dollarga tushgan. Usmonovning yaxtalari orasida eng yaxshi yasatilgani, go‘zal, ko‘rkam, zo‘ri “Dilbar” nomi bilan yuritiladigan yaxta bo‘lib u Alisher Usmonovning onasi nomiga qo‘yilgan. “Dilbar” yaxtasining uzunligi 156 metr bo‘lib, u 600 million dollar qiymatga ega. Bu barcha qulayliklarga ega bo‘lgan nihoyatda go‘zal yaxta Barselonaning (Ispaniya) 160 metr uzunlikka ega bo‘lgan OneOceam Port Vell porti bandargohida turadi.
Yaqinda bir xushxabar ko‘pchilikning diqqatini o‘ziga qaratdi. Unda aytilishi bo‘yicha, Rossiya Fanlar akademiyasi sodir bo‘lgan nohaqlikda adolatni tiklagan ekan. Voqea esa bunday bo‘lgan edi. Sotuvga qo‘yilgan dunyodagi eng oliy mukofot — Nobel tasviri tushirilgan oltin medal uning sovrindori Ameriklik biolog — olim Jeyms Uotsonga qaytarib berildi, deb xabar qildi Rossiya ommaviy axborot vositalari. Ayni amerikalik biolog olim Jeyms Uotson hamkasblari bilan hamkorlikda dunyoda birinchi bo‘lib DNK nima ekanligini va u nimalardan tashkil topganini ochib berib dunyodagi eng nufuzli mukofotga sazovor bo‘ladi. Ammo 2014-yil olim bu benazir mukofotni sotishga majbur bo‘ladi. Oltin medal Londondagi “kim oshdi savdosi”ning bolg‘asi birinchi bor ko‘tarilishi bilan kimdir tomonidan aql bovar qilmaydigan yuksak baho taklif qilingani uchun shu zahoti sotib yuboriladi. Ikki hafta mobaynida Nobel mukofotini kim sotib olganligini hech kim bilmas edi.
Adolatning tiklanishi, noyob mukofotning egasiga qaytib kelishi alohida marosimga aylanib ketdi. Bu voqeani o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish, uning asl egasi, yirik biolog-olim bilan uchrashuvga yuzlab talabalar, laborantlar, akademiklar, ilmiy markazlarning direktorlari peshvoz chiqadilar. Tantanali daqiqalar... Yig‘ilganlarning hammasi mukofotni egasiga qaytarib berilishini orziqib kutishar edi. 90 yoshdagi yirik olim qadrdon bo‘lib qolgan o‘zining Nobel oltin medalini qayta olishi bilan ko‘zlaridan oqqan yoshlarini to‘xtata olmay qoladi. U yarim yildan buyon bu daqiqalarni orziqib kutgan bo‘lsa ham, voqeani bunday iliq yakunlanishini hayoliga ham keltirmagan ekan.
Nobel oltin medalini sotib yuborish tarixi esa bunday bo‘lgan. 2014 yilning oxiriga borib uning egasi olim Jeyms Uotsonga AQShda chop etilgan darsliklari uchun gonorar berishni to‘xtatib qo‘yiladi. Endi u faqat ilmiy markazdan olayotgan maoshiga qarab qoladi. Ishlar shunday davom etaveradigan bo‘lsa, Uotson shug‘ullanayotgan saraton kasalligini davolaydigan dorini izlash, topish, yaratish bo‘yicha so‘nggi yillarda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari to‘xtab qolish havfi tug‘ilgan edi.
Ta’kidlash joizki, ismi-sharifi noma’lum bo‘lgan medal xaridori shu mukofotni sotib olib egasiga qaytarish uchun qariyb 5 million dollar haq to‘lashga rozi bo‘ladi. Bir haftadan keyin mukofotni rossiyalik biznesmen sotib olganligi ma’lum bo‘ladi. Medaldan keladigan mablag‘ni olim nimaga sarflashini maqsad qilib qo‘yganini bilib qolganidan keyin esa biznesmen bir daqiqa ham o‘ylab o‘tirmaydi. Nobel medalini sotilishi haqidagi gaplardan xabardor bo‘lgan tadbirkor shunday dedi: “Men hayron bo‘ldim, nahotki shunday buyuk mamlakatda yashayotgan Nobel sovrindori shu mukofotining puliga zor bo‘lib qolgan bo‘lsa, deb o‘yladim. Keyin olim nima uchun medalini sotayotganligining sababini surishtirdim, meni hayron qoldirgan narsa shu bo‘ldiki, Nobel mukofoti ta’sis etilgandan buyon hayot (tiriklik) paytida hali hech kim o‘zining bunday oliy darajadagi mukofotini sotmagan edi. Bu voqea meni qiziqtirib qoldi desam noto‘g‘ri bo‘lar, bezovta qilib, tashvishga solib qo‘ydi. Mening bilishimcha, Jeyms Uotson birinchi bo‘lib DNKni nima ekanligini, uning sir-asrorlarini ochib berib jahonmshumul kashfiyot qilgan olim. Uotsonning kashfiyotidan keyingina insoniyat DNK haqida, uning parchalanish jarayonlaridan xabardor bo‘ldi”.
Jeyms Uotson hamkasblari Nobel mukofoti bo‘yicha hamsovrindorlar: Frensis Krik va Moris Uilkins bilan hamkorlikda ikki qatorli spiral shaklidagi temir aylanma pillapoyalarga o‘xshagich DNK molekulalari tarkibi - strukturasining modeli yaratilib ilm-fan olamida jahonshumul inqilob qilishmoqda. Bu kashfiyotlar yordamida inson genomini o‘qish imkoniyati paydo bo‘ldi, ko‘plab kasalliklarning esa paydo bo‘lishidan avval ularni inson organizmida aniqlash, muhimi bu og‘ir kasalliklarning oldini olishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Olim bilan tadbirkor bir birlari bilan hali biron marta uchrashishgan bo‘lmasa ham ularni g‘oyibona do‘stlik rishtalari bog‘lab turibdi. Endi sirni ochishga to‘g‘ri keladi. Bu hotamtoy rus biznesmeni, multimillioner, millarder chustlik o‘zbek tadbirkori Alisher Usmonov bo‘lib chiqdi.
Jeyms Uotson umrining yarmini saraton kasalligiga qarshi kurashga bag‘ishladi, noyob ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. Alisher Usmonovning otasi, Toshkent shahrining sobiq bosh prokurori Burxon Usmonov shu diagnozdan vafot etgan edi. Djeyms Uotson ham o‘zining amakisini shu kasallikdan davolashga ulgura olgani yo‘q. Lekin mashhur olim rahbarligida hozir ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan yosh olimlar Jeyms Uotsonning 19 yoshidan buyon orzu qilib kelayotgan niyatiga endi yetishadi. Ular bu diagnozni davolaydigan dori-darmonlar yaratishadi va bu insoniyatga katta xavf tug‘dirayotgan og‘ir kasallikning ustidan g‘alaba qozonishadi, degan umid bor. Voqea ana shunday bo‘lgan edi.
***
Yana bir yangilik. Rossiya Federatsiyasining Davlat dumasi qabul qilayotgan yangi qonunga ko‘ra, Rossiyadagi badavlat fuqarolar o‘z nomlari bilan ataluvchi fondlar va mukofotlar ta’sis qilishlari va ularga o‘z boyliklarini vasiyat qilishlari mumkin bo‘ladi. Yangi joriy etilayotgan mexanizm, badavlat ishbilarmonlarning mol-mulklaridan ulardan keyin ham, qoldirilgan vasiyatnomaga muvofiq – davlat va hukumat tashkilotlari bu mablag‘larni samarali boshqarish, ko‘paytirish va xayriya maqsadlarida foydalanish imkonini yaratadi.
Ekspertlar fikriga ko‘ra, boy-badavlat ishbilarmonlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri vorislari har doim ham eng mos keladigan boshqaruvchi bo‘la olmaydi.
Ikkinchidan, ayrim badavlat biznesmenlar o‘z vorislarining xavfsizligini o‘ylab ham ana shunday qarorga kelishgan. Xususan, 2017-yilda boyligi 14,4 milliard dollar baholangan “Alfa grupp” egasi milliarder Mixail Fridman ana shunday fikr bildirgan edi.
Undan tashqari, mol-mulki 15,2 milliard dollar etib baholangan Alisher Usmonov, daromadi 14,3 mlrd. dollar bo‘lgan “Nornikel” kompaniyasi prezidenti Vladimir Potanin ham o‘z boyliklarining katta qismini meros fondlariga o‘tkazish va kelajakda ulardan jamoatchilik manfaatlari uchun foydalanish niyatlari borligini bildirishgan edi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, Rossiyada ana shunday meros fondlariga ehtiyoj ancha vaqtdan beri bor edi, lekin tegishli qonun bo‘lmagani tufayli oldin bunday amaliyotlar Buyuk Britaniya yoki boshqa mamlakatlar orqali amalga oshirilar edi. Yangi qonun kuchga kirsa, Rossiyaning o‘zida 2018-yilning 1-sentabridan boshlab meros fondlari tashkil qilish mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)