Oxirgi bir necha kun davomida “Suriya demokratik kuchlari” IShID terrorchilik guruhidan Xasake viloyatidagi Shaddadi shahridan sharqda joylashgan ikki yirik tumanni qaytarib olishga erishdi. Bu haqda EADaily xabar bermoqda.
Hujum IShID guruhini o‘rab olish uchun g‘arb va shimoldan o‘xshash yo‘nalishlar bo‘yicha olib borilmoqda. Yerdagi operatsiyalarni havodan Amerika koalitsiyasi qo‘llab-quvvatlamoqda.
10—11-iyun kunlari frontning g‘arbiy uchastkasida kurdlar IShID jangarilaridan Xamida, Xamidiya va Xuvaybira qishloqlarini ozod qildi. Frontning shimoliy qismida Safyan va Maxfur posyolkalari ozod qilindi.
12-iyun kuni, aviatsiya va artilleriya zarbalaridan so‘ng, kurdlar shimoldan IShID mudofaasini yorib o‘tishga erishdi. Xumayshiya, Xumaydiya, Xamdaniya, Mastur, Dar al-Xattab qishloqlari “Suriya demokratik kuchlari” nazorati ostiga o‘tdi.
Dar al-Xattabga qo‘shni Tel-Shair qishlog‘iga kurdlar hujum qilishidan avval koalitsiya aviatsiyasi turar-joyga zarba berdi. Oqibatda 12 nafar fuqaro halok bo‘ldi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)