CNBC oddiy maktablarni tamomlagan milliarderlar ro‘yxatini taqdim qildi, deb yozmoqda Forum Daily.

Foto: Google Images

Ko‘pchilik muvaffaqiyat va katta daromadlarning siri xususiy maktablar va nufuzli kollejlarda ta’lim olish bilan bog‘liq, deb hisoblaydi. Ko‘p holatlarda shunday bo‘ladi ham, ammo bir qancha kishilarni misol keltirish mumkinki, ular oddiy maktablarni tamomlab katta muvaffaqiyatlarga erishgan.

Uorren Baffet

Foto: Google Images

  • Boyligi: 84 milliard dollar
  • Ta’lim: davlat maktabi va kollej

Baffet bolaligi va o‘smirligining asosiy qismini Vashingtonda o‘tkazgan. Uning otasi respublikachilar partiyasidan kongressmenlikka saylangan.

Maktabda tahsil olish vaqtlaridayoq Baffet pul topishni boshlagan — Coca-Cola va saqich sotgan. Shuningdek, u darsga borishdan oldin gazeta tarqatgan. Bu ishni u yuqori sinfga o‘tganida ham davom ettirgan. Maktabni Baffet 1947-yili tamomlagan.

17 yoshida Baffet kollejga kirishdan bosh tortgan. “Kollejga kirishdan ma’no bor edimi? Men bu ish bilan shug‘ullanishni istamaganman. Men yetarlicha pul topishni boshlagandim, kollej esa mening vaqtimni o‘g‘irlagan bo‘lar edi”, — deydi milliarder.

Shunga qaramasdan, u otasini xotirjam qilish uchun Uorton kollejidagi darslarga borib turadi. Biroq Baffet uchun kollejga borish zerikarli edi. U tez orada Linkolndagi Nebraska universitetiga o‘tib ketadi va 1950-yili tamomlaydi.

Charli Munger

Foto: Google Images

  • Boyligi: 1,68 milliard dollar
  • Ta’lim: davlat maktabi va kollej

Baffetning hamkori va Berkshire xoldingi raisining o‘rinbosari Charli Munger oddiy maktabda tahsil olgan. Maktabda u ko‘plab to‘garak va klublarning a’zosi bo‘lgan. Munger Michigan universitetida tahsil olgan, keyinchalik Kaliforniya texnologiyalar universitetiga o‘tib ketgan. Biroq Munger universitetni tamomlamagan va diplom olmagan.

Opra Uinfri

Foto: Google Images

  • Boyligi: 3 milliard dollar
  • Ta’lim: davlat maktabi va kollej

Media-magnat Opra Uinfri bolalik va o‘smirlik vaqtida juda ko‘p ko‘chishiga to‘g‘ri kelgan. Shuning uchun u bir qancha maktablarni almashtirgan. Bu muassasalarning barchasi davlat maktablari edi. U yuqori sinflarda ayniqsa katta muvaffaqiyatlarga erishgan, eng yaxshi o‘quvchilar ro‘yxatiga kiritilgan va talabalar boshqaruvi a’zosi bo‘lgan. 17 yoshida Opra afroamerikaliklar o‘rtasida o‘tkazilgan “Miss Tennessi” go‘zallik tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Tanlovdan keyin mahalliy WVOL radiostansiyasi unga ish taklif qilgan.

1971-yili maktabni tamomlagan Uinfri Tennessi universitetiga to‘liq stipendiya asosida o‘qishga qabul qilingan.

Stiv Jobs

Foto: Google Images

  • Boyligi: 20,1 milliard dollar
  • Ta’lim: davlat maktabi

Apple’ning marhum asoschisi Stiv Jobs 1972-yili Kaliforniya shtatidagi maktabni tamomlagan. Uning bo‘lajak biznes hamkori, Apple’ga asos solgan kishilardan biri Stiv Voznyak xuddi shu maktabni bir necha yil ertaroq tamomlagan. Jobs hech qachon yaxshi o‘quvchi bo‘lmagan. Bundan tashqari, u xususiy kollejdagi o‘qishni tashlab ketgan va diplom olmagan.

Jeff Bezos

Foto: Google Images

  • Boyligi: 138,8 milliard dollar
  • Ta’lim: davlat maktabi, Priston universiteti

Amazon’ning bosh direktori va dunyodagi eng badavlat odam Jeff Bezos Mayamidagi maktabni 1982-yili bitirgan. Bezos maktabda a’lochi bo‘lgan. 1986-yili Priston xususiy universitetini tamomlagan.

Sara Bleykli

Foto: Google Images

  • Boyligi: 1,11 milliard dollar
  • Ta’lim: davlat maktabi, kollej

Spanx asoschisi Sara Bleykli o‘zi tug‘ilib o‘sgan Florida shtatidagi maktabni tamomlagan. U o‘smirligidayoq tadbirkorlik qilishni boshlagan. Sara plyajlarda ota-onalar dam olguncha ularning bolalariga qarab turadigan enaga bo‘lib pul topgan. Bleykli Florida universitetida tahsil olgan. 2012-yili u eng yosh self-meyd (mustaqil ravishda shu darajaga erishgan) milliarder ayol sifatida Forbes jurnali ro‘yxatiga kiritilgan.

Larri Peyj

Foto: Google Images

  • Boyligi: 52,2 milliard dollar
  • Ta’lim: davlat maktabi, kollej

Alphabet kompaniyasining bosh ijrochi direktori va Google’ning asoschisi Larri Peyj 1991-yili o‘rta maktabni tamomlagan. Keyinchalik Michigan universitetida elektrotexnika bo‘yicha tahsil olgan.

Larrining ota-onasi informatika bo‘yicha ta’lim olgan va shu sohada ishlagan. Uning so‘zlariga qaraganda, ota-onasi uni hech qachon informatika yo‘nalishini tanlashga majbur qilmagan, bu Larrining mustaqil tanlovi bo‘lgan.

Meg Uitmen

Foto: Google Images

  • Boyligi: 3,4 milliard dollar
  • Ta’lim: davlat maktabi, Priston universiteti

HP hamda eBay’ning sobiq bosh direktori Meg Uitmen Nyu-Yorkda tug‘ilib o‘sgan. 1974-yili o‘rta maktabni tamomlagan. Meg maktabda yaxshi baholarga o‘qigan, o‘t ustidagi xokkey, tennis va basketbol bilan shug‘ullangan. U Priston xususiy universitetini tamomlagan. Uitmen AQShdagi 2 ta eng yirik davlat korxonasiga rahbarlik qilgan yagona ayol sifatida tanilgan.