12-iyun, seshanba kuni mudofaa vaziri Abdusalom Azizov Qirg‘iziston qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Rayimberdi Duyshenbiyev boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Uchrashuv davomida mudofaa sohasida o‘zbek-qirg‘iz hamkorligining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, ikki mamlakat mudofaa vazirliklari o‘rtasida 2018-yil uchun hamkorlik rejasi imzolandi.
“Ishonchimiz komilki, harbiy sohadagi mustahkam normativ-huquqiy bazaning yaratilishi, qurolli kuchlarimiz uchun ahamiyatli bo‘lgan ikki tomonlama tadbirlarni rejalashtirish va o‘tkazishni amalga oshirishga yordam beradi. Ularning jangovar shayligini kuchaytirishda o‘ziga xos tayyorlov maydonini o‘tab, nafaqat ikki mamlakat xavfsizligini, balki butun mintaqadagi barqarorlikni saqlashga xizmat qiladi”, — dedi mudofaa vaziri Abdusalom Azizov.
Mehmonlar, shuningdek, Qurolli Kuchlar akademiyasida harbiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalasi bilan tanishdi.
Izoh (0)