O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Polsha tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andjey Papej boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan O‘zbekiston—Polsha biznes-forumi o‘tkazildi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.
Polsha delegatsiyasi tarkibidan oziq-ovqat, qurilish, tibbiyot va biotexnologiya, muhandislik, elektrotexnika, qishloq-xo‘jaligi sohalarda faoliyat olib boruvchi 20 ga yaqin yirik kompaniya vakillari o‘rin oldi.
Uchrashuv davomida Polsha delegatsiyasi vakillari O‘zbekistonda iqtisodiyotning turli tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatda investorlar va tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay shart sharoitlar va imtiyozlarni yuqori baholab, davra suhbati O‘zbekiston va Polsha ishbilarmon doira vakillari uchun o‘zaro tajriba almashish imkoniyati berishini ta’kidlab o‘tdi.
2017-yilda ikki mamlakat o‘zaro tovar aylanmasi 104,9 million dollarga yetgan bo‘lsa, 2018-yilning 4 oyi davomida ushbu ko‘rsatkich 46,3 million dollarni tashkil qildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Polsha investorlari ishtirokidagi 25 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, qo‘shma korxonalar sonini ko‘paytirish, investitsion loyihalarni amalga oshirish kabi masalalarni muhokama qildi.
Izoh (0)