Rossiyalik aviakonstruktor Viktor Tolmachev 84 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda 7-iyun, payshanba kuni S.V.Ilyushin nomidagi Aviatsiya kompleksining bosh direktori Aleksey Rogozin ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Bugun og‘ir xastalikdan keyin An-124 “Ruslan” va An-225 “Mriya” samolyotlarini yaratgan kishilardan biri, bosh konstruktor Viktor Ilich Tolmachev hayotdan ko‘z yumdi”, — deb xabar qilgan Rogozin.
An-124 “Ruslan”—uzoq masofalarga parvoz qilish uchun mo‘ljallangan turboreaktiv yuk tashuvchi samolyot. An-225 “Mriya”ning yaratilishidan avval aynan “Ruslan” dunyodagi eng yirik yuk tashuvchi samolyot hisoblangan.
1971-yili Tolmachev An-124, 1985-yili esa 6 ta dvigatelli An-225 “Mriya” loyihalarining bosh konstruktori bo‘lgan.
Tolmachev, shuningdek, “Antonov” markasining barcha samolyotlari va ularning modifikatsiyalarini (An-2, An-14, An-8, An-10, An-12, An-24, An-22, An-26, An-32, An-28) loyihalashtirish va ishlab chiqarishda ishtirok etgan.
Izoh (0)