Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialiga Butunjahon jarroh-onkologlar federatsiyasi (WFSOS) 11 nafar a’zolari tashrif buyurdi. Bu haqda “Daryo”ning Samarqanddagi muxbiri xabar berdi.
Tashrif davomida mehmonlar va viloyatda faoliyat yuritayotgan onkologlar markaz faoliyati bilan tanishib, qalqonsimon bezi, sut bezi, suyak, yumshoq to‘qima, o‘pka va ko‘krak oralig‘i sohasi o‘smalari bilan og‘rigan 30 nafardan ortiq bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi.
Uchrashuvda professor V.A.Anikin tomonidan qilingan “Timomektomiya va yuqori kovak vena plastikasi” amaliyoti aks ettirilgan videorolik namoyishi, serbiyalik professor R.Jodich tomonidan “Sut bezi saratoni va uni zamonaviy diagnostikasi va davosi”, rossiyalik professor A.Romanchishen tomonidan “Qalqonsimon bez saratoni kasalliklarining kechki bosqichlarida o‘tkaziladigan operativ davo turlari” to‘g‘risidagi ma’ruzalari tinglandi va Akademik I.V.Reshetov tomonidan I.M.Sechenov nomidagi Moskva davlat tibbiyot universitetining onkologik loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.
Izoh (0)