Akbar Dadajonov Birlashgan Arab Amirliklaridan O‘zbekistonga kelib, “Maxi globus bright future” nomli soxta MChJni rasmiylashtirgan, deb Buxoro IIB jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi “Daryo”ga xabar bermoqda.
Dadajonov BAA fuqarosi tomonidan jo‘natilgan Howo rusumli yuk mashinasiga orttirilgan konteynerdagi 167 nomdagi tovarni boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanib, Buxoro viloyati Olot bojxona kompleksidagi tanishlari orqali chegaradan o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Bojxona nazoratidan o‘tkazilmagan tovarlarni Toshkent shahri Bektemir tumanida joylashgan “Koruz” MChJga omborxonasiga olib kelishni mo‘ljallagan.
Dadajonov BAAdagi firmadan Toshkentda o‘zi ochgan MChJ nomiga tovar yuborilgani haqidagi hujjatlardan foydalanib, invoysda ko‘rsatilgan ro‘yxatga umuman mos kelmaydigan, 3 milliard 73 million 800 ming so‘mlik tovarni bojxonadan o‘tkazgan.
Akbar Dadajonov Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandiga ko‘ra aybli deb topilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Olot tuman sudida unga nisbatan eng kam oylik ish haqining 600 baravari miqdorida jarima tayinlangan.
Jinoyat ishi sudlanuvchining shikoyatiga asosan kassatsiya instansiyasida ham ko‘rib chiqilgan. Natijada sudlanuvchining shikoyati qanoatlantirilmay, birinchi bosqich sudi hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Izoh (0)