Saudiya Arabistonining yo‘l harakati boshqarmasi tomonidan ayollarga haydovchilik guvohnomasi berish boshlandi. Bu haqda Associated Press’ga tayanib, Meduza xabar bermoqda.
4-iyun, dushanba kuni haydovchilik guvohnomasi 10 nafar ayolga berildi. Guvohnoma olishdan oldin ular maxsus imtihondan o‘tgan. Bundan tashqari, ularning hammasi allaqachon Livan, Buyuk Britaniya, Kanada singari mamlakatlarda haydovchilik guvohnomasini olib bo‘lgan.
Saudiya Arabistonining yo‘l harakati boshqarmasi ayollarning mashina haydashiga bo‘lgan taqiqni 24-iyun kuni butunlay bekor qilishni rejalashtirmoqda.
Saudiya Arabistoni — ayollarning mashina haydashi taqiqlangan yagona mamlakat. Taqiq 1950-yillarda joriy qilingan. Bir necha marotaba taqiqning bekor qilinishini talab qilgan ayollar namoyish o‘tkazgan. Namoyish vaqtida mashina ruliga o‘tirgan ayollar keyinchalik hibsga olingan.
2017-yilning sentabrida Saudiya Arabistoni qiroli Salmon 2018-yilning iyunidan boshlab ayollarning mashina ruliga o‘tirishi mumkin ekanini ma’lum qilgan. Shundan e’tiboran mahalliy universitetlarda ayollar uchun haydovchilik maktablari ochilishni boshlagan. Tez orada haydovchilik guvohnomasi olishni istaydigan ayollarning ko‘p ekani ma’lum bo‘lgan.
Taqiqning bekor qilinishiga qaramasdan, may oyida Saudiya Arabistonida mashina haydashga ruxsat berilishini talab qilib chiqqan 10 nafar namoyishchi ayollar hibsga olingan.
Eslatib o‘tamiz, Vogue jurnalining Saudiya Arabistoni uchun chiqaradigan versiyasi iyun sonida qirollik malikasi Xayfa bint Abdulla as-Saudning mashina rulidagi surati chop etilgan.
https://twitter.com/twitter/statuses/1003626848180457472
Izoh (0)