O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-iyun kuni hududlarda budjetga qo‘shimcha tushumlar va mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish orqali narxlar barqarorligini ta’minlash, inflyatsiyaning oldini olishda mahalliy ijro hokimiyati organlari, soliq va moliya idoralari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Majlisda bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralar, kompaniyalar, xo‘jalik birlashmalari, banklar rahbarlari, videokonferensiya orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 7-iyunda qabul qilingan “Mahalliy budjetlarni shakllantirishda joylardagi davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish imkonini bermoqda.
Joriy yilning o‘tgan besh oyida budjetga prognozga nisbatan 2,7 trillion so‘m yoki 16 foiz ko‘p tushum tushirilgani shu boradagi ishlar natijasidir.
Yig‘ilishda budjetga qo‘shimcha tushumlarni ko‘paytirish va inflyatsiya darajasi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarning mavjud holati tanqidiy tahlil qilinib, bu boradagi eng muhim vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda Toshkent shahri va Namangan viloyatida bu boradagi ishlar mutlaqo talabga javob bermasligi qattiq tanqid qilindi. Misol uchun, bozordagi savdo-sotiqlar orqali tushadigan mablag‘lar ko‘rsatkichi Toshkent shahrining Olmazor tumanida 30 foizga, Sergelida 7 foizga, Yakkasaroyda 4 foizga, Yunusobodda 3 foizga kamayib ketgan.
Majlisda tegishli rahbar va mutasaddilarga 2018–2021-yillarda chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish, ushbu tarmoqda ratsional ozuqa bazasini shakllantirish dasturlarini ishlab chiqish, har bir hudud bo‘yicha asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni aniqlab, tegishli tashkiliy ishlarni amalga oshirish, bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi.
Izoh (0)