“Toshkent” xalqaro aeroportida yo‘lovchilardan biri tilla quymalarni yashirincha olib chiqishning navbatdagi usulini “kashf” qildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Dehliga parvozi oldidan fuqaro N.Sh. bojxona chegarasidan yashil yo‘lak orqali o‘tdi. Lekin u bojxona xodimlarining ko‘zini shamg‘alat qilishga urinib, poyafzallarining ostki qismiga 79 gramm og‘irlikdagi tilla quymalarni yashirgan ekan.
Qonunbuzar shu bilan kifoyalanmagan. Unga tegishli bagaj ham sinchiklab ko‘zdan kechirilganda, yuklar orasidagi planshetning nazorat-rentgen apparatidagi tasvirlari shubhali aks etdi.
Shundan so‘ng ushbu planshet xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, uning orasiga ham juda yupqa qilib ishlangan 215,8 gramm og‘irlikdagi quyma tillalar yashirilganligi aniqlandi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.
Izoh (0)