Buxoro shahridagi 28-umumta’lim maktabida atoqli qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zA.
Atoqli qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov mintaqa tinchligi, osoyishtaligi, kelajagi va ravnaqi, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo‘lida samarali faoliyat olib borgan.
Yozuvchining “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim”, “Bo‘tako‘z”, “Birinchi muallim”, “Momo yer”, “Somon yo‘li”, “Alvido, ey Gulsari”, “Oq kema”, “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”, “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat”, “Kassandra tamg‘asi”, “Cho‘qqida qolgan ovchining oh-u zori” kabi ko‘plab asarlari dunyoning qator tillariga tarjima qilinib, kitobxonlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.
“Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 2-apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ulug‘ adib xotirasiga ko‘rsatilgan yuksak e’tibor namunasidir”, — deyiladi xabarda.
“Adibning badiiy barkamol asarlari gumanizm va ezgulik g‘oyalari, milliy va umumbashariy qadriyatlar, turli millatlar va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Shu sababli uning asarlari mamlakatimizda ko‘p ming nusxada nashr etilmoqda. Xalqimiz bu asarlarni o‘zgacha mehr va qiziqish bilan qarshi oladi”, — deydi 28-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Dildora G‘afforova.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan adibning “Asrga tatigulik kun” asari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishi namoyish etildi.
Izoh (0)