Nozim Husanov 12-may kuni Toshkentning Sergeli tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Husanov bungacha Toshkent shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
U 1976-yil Toshkent viloyati, Zangiota tumanida tug‘ilgan. Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti (1997) va Toshkent moliya instituti (2002), O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini (2007) tamomlagan.
Nozim Husanov 2014—2016-yillarda “Mikrokreditbank” boshqaruvi raisi, 2016—2017-yillarda esa Toshkent shahar hokimining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, xizmatlar sohasi va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Avvalroq Sergeli tumanining avvalgi hokimi Baxtiyor Rahmonov shaharning boshqa — Olmazor tumaniga hokim etib tayinlangani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)