Samarqand shahrida 11-may kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston Ichki ishlar vazirliklarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘zbekiston ichki ishlar vaziri P. Bobojonov, Qozog‘iston ichki ishlar vaziri Q. Qasimov ikki xalqning tarixiy do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik munosabatlari keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilgani, bunda ikki mamlakat Prezidentlarining samimiy, do‘stona munosabati muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
Mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda ikki mamlakat huquq-tartibot organlarining hamkorligi, diniy ekstremizm, terrorizm kabi global ahamiyatga ega jinoyatlarga qarshi birgalikda kurash olib borishi muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuv va muloqotlarida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Ichki ishlar vazirliklarining qo‘shma majlisi ana shu muzokaralarning amaliy natijasi sifatida tashkil etildi.
Qozog‘iston ichki ishlar vaziri Qalmuxanbet Qasimov ichki ishlar organlari tizimidagi yaqin hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni jadal rivojlantirish, do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi.
Izoh (0)