3-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudida Jinoyat ijroiya kodeksining 113-moddasiga muvofiq (manzil-koloniyalarda jazoni o‘tash tartiblari), mahkum Aramais Avakyanni umumiy tartibli koloniyadan manzil-koloniyaga o‘tkazish haqida hukm chiqardi. Bu haqda, O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmatiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar qildi.
Aramais Avakyan (1982-yilda Ozarbayjonda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi) 2016-yil 19-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 159 (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 161 (qo‘poruvchilik), 169 (o‘g‘rilik), 244−1 (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244−2 (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
Manzil-koloniyada Aramais Avakyan qolgan 4 yil 5 oy va 1 kunlik jazo muddatini o‘taydi.
Izoh (0)