Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan suratga olingan “Urushning so‘nggi qurboni” qisqa metrajli filmining ilk namoyishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
O‘tkir Hoshimovning “Urushning so‘nggi qurboni” hikoyasi asosida suratga olingan filmda odamiylik tushunchalari, insonlarning bir-biriga mehr-muhabbati aks ettirilgan.
Filmda urushning nafaqat front maydonlarida, balki har bir qishloqda, har bir xonadonda kechgani, urush qurbonlari esa har bir oilada topilgani haqida hikoya qilinadi. Film qahramoni Shoikrom urushga bormagan bo‘lsa-da, uning dahshatini, achchig‘ini o‘z uyida turib totishiga to‘g‘ri keladi.
Oilasi koriga yarab turgan birgina sigiri o‘g‘irlab ketilgan, ukasi og‘ir betob bo‘lib to‘shakka mixlanib yotibdi, bu ham yetmagandek, bolalarining so‘nggi rizqi – hovli chetidagi bir hovuch qulupnayga ham o‘g‘ri oralagan. Yetishmovchilik va vijdon azobi Shoikromni qaltis qaror qabul qilishga majbur qiladi. Ammo bu qaror unga qanchalik qimmat tushishini bilmas edi…
“Urushning so‘nggi qurboni” filmi ssenariy muallifi Muhammadxon Yusupov, postanovkachi rejissyor Sherzod Musayev. Bosh rollarni Rixsi Ibrohimova, Behzod Shoymatov, Feruza Saidova, O‘lmas Urayev va Rustam Karimov ijro etgan.
Izoh (0)