TravelAsk farovon turmush izlab, qaysi mamlakatlarga intilayotgani va qayerlarda eng ko‘p miqdorda muhojirlar yashayotgani haqida ma’lumot to‘plab taqdim etdi.
AQSh
Bejiz AQSh muhojirlar mamlakati deyilmaydi. Qo‘shma shtatlar muhojirlar soni bo‘yicha ko‘p yillardan buyon yetakchilik qilib keladi. Bu yerga ko‘chib kelganlar soni yil sayin ortib bormoqda. 2016-yil ma’lumotlariga ko‘ra, aholi orasida muhojirlar soni 43,7 million kishini, ya’ni mamlakat aholisining 13 foizini tashkil etgan. Muhojirlarning aksariyati Meksika hamda Markaziy va Janubiy Amerika mamlakatlaridan ko‘chib kelgan. Ikkinchi o‘rinni Osiyo mamlakatlari egallagan bo‘lib, ularning orasida Xitoy yetakchilik qiladi. Yevropa va Afrikadan keladigan muhojirlar oqimi u qadar katta emas.
Germaniya
Muhojirlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinni Germaniya band qilgan. Bu yerga ko‘chib kelganlar soni 12 million kishi yoki umumiy aholining 15 foizini tashkil qiladi (2015-yil ma’lumoti). Germaniya Yevropaning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan mamlakati hisoblanadi, shuning uchun bu yerga boshqa mamlakatlardan kishilar o‘z moddiy ahvolini yaxshilash uchun ko‘chib keladi. Asosan Turkiya, Polsha, Ruminiya, Vengriya, Italiya, Yevropa va Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlari fuqarolari ko‘chib keladi. Germaniyada Rossiya va Qozog‘istondan ko‘chib kelgan, asli kelib chiqishi nemis bo‘lgan muhojirlar ham talaygina.
Rossiya
Muhojirlar soni bo‘yicha Rossiya uchinchi o‘rinni egallaydi. Odatda Rossiyaga MDH tarkibiga kiruvchi O‘zbekiston, Ukraina, Qozog‘iston singari mamlakatlardan muhojirlar keladi. Ularning soni 11 million kishi yoki umumiy aholining 8 foizini tashkil qiladi.
Yaqin Sharqning neft ishlab chiqaruvchi mamlakatlari
Muhojirlar orasida mashhur bo‘lgan davlatlar sirasiga Yaqin Sharqning Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt va Qatar singari badavlat mamlakatlari ham kiradi. Asosan Hindiston, Xitoy, shuningdek, Yaqin Sharq va Afrika qit’asining rivojlanmagan hududlaridan muhojirlar ko‘chib keladi. Yaqin Sharq mamlakatlari muhojirlarning aholi orasidagi ulushi bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallaydi. Masalan, Birlashgan Arab Amirliklarida bu ko‘rsatkich 88 foiz, Quvaytda 73 foiz, Saudiya Arabistonida 30 foizdan ziyodni tashkil qiladi.
Avstraliya
Muhojirlar mamlakatlaridan yana biri — Аvstraliya. Janubi-Sharqiy Osiyo, asosan Xitoy, Hindiston, Vyetnam, Filippindan kelgan muhojirlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Biroq muhojirlarning asosiy qismi – Buyuk Britaniya va Yangi Zelandiya kabi inglizzabon mamlakatlar fuqarolari. Ularning soni 1,5 milliondan ortiqdir. Avstraliya muhojirlarining umumiy soni 6 milliondan ziyodni tashkil qiladi.
Dunyoning boshqa mamlakatlaridan Kanada, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya va Italiyani muhojirlar soni yuqori bo‘lgan davlatlar sifatida keltirish mumkin.
Izoh (0)