O‘zbekiston Moliya vazirligi va vazirlik huzuridagi o‘quv markazi “Davlat xizmatchisining xizmat majburiyatlari bajarilishining samaradorligi mezonlari, standartlari va uning sifatini baholash tizimi: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari A. Haydarov davlat xizmatchisi aholi uchun xizmat qilishi va o‘z faoliyati davomida, eng avvalo, axloq normalariga asoslanishi, mehnatsevarlik, berilgan buyruq va ko‘rsatmalarni o‘z vaqtida bajarishi, xushmuomalalik, topshiriqlarni chuqur mulohaza bilan amalga oshirishi, asosiysi, fuqarolarni tinglay olish qobiliyatga ega bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
“Vazirlar Mahkamasining qarori bilan ishlab chiqilgan odob-axloq namunaviy qoidalari bu borada muhim dasturilamal bo‘lishi kerak”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, konferensiyada davlat xizmatchilari orasida korrupsiyani keltirib chiqaradigan omillarga to‘xtalib o‘tildi. Aksariyat hollarda korrupsiya deganda davlat xizmatchilari tomonidan shaxsiy manfaatlarni ko‘zlab, boylik orttirish maqsadida xalqdan pora olish, qonunga xilof pul daromadlarini qo‘lga kiritish tushuniladi.
Konferensiyada ko‘rilgan masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Bu hujjat jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Izoh (0)