Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga tashrifi doirasida ikki mamlakatning tegishli vazirliklari va idoralari o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
17 ta kelishuv doirasida Turkmaniston va O‘zbekistonda savdo uylarini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi hamda Turkmaniston Savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi o‘rtasida bitim imzolandi. Ushbu hujjat tadbirkorlarga ikki mamlakat hududida savdo uylarini tashkil etishda ko‘maklashishni nazarda tutadi.
“Turkmanistonlik ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari ko‘rgazmasi va biznes-forum natijalari ikki mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-sotiqni kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlarni taqdim etadi. Savdo uylarining ochilishi savdo hajmini yanada oshirishga yordam berib, O‘zbekiston hamda Turkmaniston ishbilarmon doiralari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish uchun sharoit yaratadi”, — deydi tashqi savdo vaziri Jamshid Xojayev.
Savdo uylari mahalliy xaridorlar uchun reklama maydonchasi bo‘lib xizmat qiladi, chakana va kichik ulgurji savdoga yo‘l ochadi, marketing tadqiqotlarini o‘tkazish va konsalting xizmatlarini ko‘rsatishga imkon beradi.
Izoh (0)