Kunning eng asosiy voqeasi, shubhasiz, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning davlat tashrifi bilan Toshkentga kelgani. Bu tashrifning ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilinayotgan, OAV tomonidan nisbatan ko‘p yoritilgan qismi — yuqori martabali mehmonni kutib olish uchun shaharda yuzlab, balki minglab talabalarning jalb etilganidir.
“Kun.uz”ning yozishicha, Berdimuhamedovni kutib olish tadbirlari munosabati bilan “shahardagi ayrim maktablar, kollejlar va oliy ta’lim muassasalarida darslar bekor qilingan”.
“Gazeta.uz” muxbiri esa ko‘chalarda ikki davlat bayroqchalarini ko‘tarib turgan talabalardan qisqa intervyular olgan. “Ko‘pchilik yoshlar 7:00 da aytilgan joyga kelib turgan. Turkmaniston prezidentining samolyoti esa soat 10:00 da Toshkent aeroportiga qo‘ndi”, — deya aniqlik kiritadi internet-nashr.
Soat 8:00 da Nukus ko‘chasidagi aytilgan joyga kelib turgan Milliy rassomchilik va dizayn instituti talabasi “o‘z institutini hurmat qilgani uchun ham ko‘chaga chiqqani”ni aytgan. “Hech qanday kafolat xatlari yozganimiz yo‘q”, — deya qo‘shimcha qilgan u. Bir kun avval ijtimoiy tarmoqlarda talabalardan kafolat xatlari yozdirib olinayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
“Ikki soatdan beri turibmiz. Kutyapmiz. Umuman olganda, hammasi yaxshi. Faqat juda och qoldik va chanqoq ham qiynayapti”, — deb aytgan Nukus ko‘chasida turgan bayroqcha ko‘tarib turgan Jahon tillari universiteti talabalaridan biri. Shu universitetning boshqa bir talabasi esa oliygoh mas’ullari talabalarga nisbatan qo‘pollik qilayotganidan shikoyat etgan.
Izoh (0)