“Samarqandshahargaztrans” filiali “Bog‘ishamol” bo‘limida ma’lum muddat gaz nazoratchisi bo‘lib ishlagan Bektosh sog‘lig‘idagi muammolar tufayli ishdan bo‘shadi, deb yozadi “Samarkandskiy vestnik”.
Oradan bir yil o‘tgach, mehnat faoliyatini tiklash uchun qayta ariza beradi va tegishli buyruq rasmiylashtirilishini kutmasdan Samarqand shahar Lohutiya mahallasida “nazoratchilik”ni boshlab yuboradi.Avval shu hududda nazoratchi bo‘lib ishlagan Zohid bilan aholi xonadonlarida bo‘lib, gaz hisoblagichlarni tekshirishadi. Jumladan, fuqaro H.Xo‘jayarov xonadonidagi ishlayotgan gaz hisoblagichni yaroqsiz deb topib, 4 million so‘mdan ziyod miqdorda qarzdorlik yozadi.
H.Xo‘jayarov buncha mablag‘ni to‘lay olmasligini bildirganida “nazoratchilar” 1 yarim million so‘m evaziga qarzdorlikni yo‘q qilib berishini aytadi. Dastlab 200 ming so‘mni olgan Bektosh va Zohid bir necha kundan keyin uy egasidan qolgan pulni ham talab qiladi.
Ularning harakatlaridan shubhalangan H.Xo‘jayarov bu haqida huquq-tartibot organlariga murojaat qildi. Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLQK departamenti viloyat boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor tadbir natijasida “gaz nazoratchilari” jabrlanuvchidan 1 million so‘m pulni olayotgan vaqtda ushlandi.
Sud hukmi bilan ularga tegishli jazo tayinlandi.
Izoh (0)