Tojikiston hukumati Samarqandda 640 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan tojik tilidagi maktabni quradi. Bu haqda “Dialog” nashri xabar bermoqda.
Tegishli kelishuv joriy yilning mart oyida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tomonidan imzolangan.
Kelishuvga muvofiq O‘zbekiston tomoni o‘quv muassasasini qurish uchun yer ajratish va qurilish maydonchasida tojik ishchilarining xavfsizligini ta’minlash majburiyatini olgan. Unda, shuningdek, qurilish kompaniyasi bojxona to‘lovlaridan ozod etilishi ko‘zda tutilgan.
Qurilish yakunlangandan so‘ng obyekt Samarqand ma’muriyatiga topshiriladi. Tojik, o‘zbek va rus tillarida tayyorlangan, 8 banddan iborat hujjatda yangi maktabdagi o‘quv jarayoni haqida so‘z yuritilmagan.
O‘zbekistonning tojik diasporasi asosan Buxoro, Samarqand, Namangan, Surxondaryo va boshqa mintaqalarda joylashgan. Rasmiy statistikaga ko‘ra, sovet yillarida O‘zbekistonda 380 ta tojik tilidagi maktab faoliyat ko‘rsatgan, oxirgi 25 yilda ularning soni sezilarli darajada qisqargan.
Joriy yil boshida fuqarolar pedagoglar yetishmasligi muammosini hal etishni so‘rab, Tojikiston va O‘zbekiston prezidentlariga ochiq maktub yo‘llagan.
Izoh (0)