Farg‘onalik fuqaro Nodir Ergashev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 24-yanvar kuni Toshkent shahar Yunusobod tumanida joylashgan Minor jome’ masjidiga o‘g‘rilik qilish maqsadida borgandi. U haqda O‘zA hikoya qildi.
Tahoratxonaga bosh suqqan bu kishi peshin namoziga kelgan fuqarolarning shu yerda ilib qo‘yilgan kiyim-kechaklari tomon yurdi. Hech kim yo‘qligidan foydalanib, kiyimlarning cho‘ntaklarini kovlab ko‘rdi. Bitta kurtkaning cho‘ntagidan chiqqan 400 ming so‘m pulni olib, voqea joyidan yashirindi.
Nodir asli avval ham bunday qilmishlari uchun bir necha bor sudlangan.
Bundan tashqari, 15-fevral kuni u xuddi shu masjid tahoratxonasiga kirib, fuqaro M. Ravshanovga tegishli kurtka cho‘ntagidan 650 ming so‘m pulni olib, voqea joyidan yashiringan.
Har ikki jabrlanuvchi ham masjid xodimlariga murojaat qilgan va xodimlar kuzatuv kamerasi tasvirlarini sinchiklab ko‘rgan. Ularda N. Ergashevning pulni olgani muhrlanib qolgan edi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Bektemir tumani sudida mazkur jinoyatlarga oid ish ko‘rib chiqildi. Jinoyatga baho berishda sudlanuvchining qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekani, oilaviy sharoiti og‘irligiga e’tibor qaratildi. Biroq u bir necha bor sudlangan, avval yengilroq jazo tayinlangan bo‘lsa-da, bundan tegishli xulosa chiqarmagan. Ana shular hisobga olinib, N. Ergashevga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan uzil-kesil sakkiz yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar tegishli tartibda qoplab berilishi belgilandi.
Izoh (0)