2017-yil mobaynida O‘zbekiston davlat chegaralaridagi o‘tkazish punktlari orqali jami 22 milliondan ortiq kishi o‘tgan bo‘lib, ularning qariyb 7 million nafarga yaqini chet el fuqarolaridir. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari — Bosh shtab boshlig‘i general-mayor Nosirbek Usmonbekov jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Uning ma’lum qilishicha, o‘tgan yil davomida davlat chegaralarida 920 mingdan ortiq transport vositasi ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ularning 400 mingdan ziyodi chet el transport vositalaridir.
“2017-yil hisobida davlat chegarasi hududida 4940 nafar chegara buzg‘unchisi ushlandi, — deydi Nosirbek Usmonbekov. — Shuningdek, 32 milliard so‘mlik noqonuniy olib o‘tilayotgan moddiy vositalar, 1,88 million AQSh dollari va boshqa davlatlar valyutalari, 48 kg 971 gramm miqdorida giyohvand moddalar va 285 dona qurol ushlab qolingan”.
Izoh (0)