Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Ashxobodda ochilgan O‘zbekiston Milliy sanoat ko‘rgazmasi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Turkmaniston rahbari O‘zbekiston vakillarini Ashxobodda ilk marta tashkil etilayotgan keng ko‘lamli forumning ochilishi bilan tabrikladi. U mazkur ko‘rgazma ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda katta ahamiyatga ega bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston Milliy sanoat ko‘rgazmasi “Turkmaniston – Buyuk Ipak yo‘li yuragi” deb nomlangan yilda o‘tkazilayotgani chuqur ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqlarimiz azaldan xalqaro savdo va iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish va jadal rivojlantirishda muhim rol o‘ynagan.
“Ko‘p tomonlama Turkmaniston – O‘zbekiston aloqalarining mustahkamlanib borayotgani do‘stlik va qardoshlik tamoyillari asosida asrlar davomida sinovdan o‘tgan savdo-iqtisodiy hamkorlikning sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolatdir”, — dedi Turkmaniston yetakchisi.
Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekistonning yuksak ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatini namoyish etayotgan ko‘rgazma mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
“O‘zbekiston Respublikasi Milliy sanoat ko‘rgazmasi davlatlarimiz iste’mol bozoriga mahsulot va xizmatlarni jalb etishda, hamkorlikda faoliyat yuritishga qiziqish bildirayotgan O‘zbekiston kompaniyalari bilan aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyatga ega. Ishonchim komilki, mazkur ko‘rgazma ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, turkmanistonlik va o‘zbekistonlik tadbirkorlarning o‘zaro hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, O‘zbekiston kompaniyalari va investorlari bilan ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi”, — deyiladi Turkmaniston Prezidentining tabrigida.
Izoh (0)