15-mart kuni Toshkent shahar sudida jurnalistlar Bobomurod Abdullayev va Hayotxon Nasriddinov, shuningdek, tadbirkorlar Shavkat Olloyorov va Ravshan Salayevlarga nisbatan JK 159-moddasi 4-bandi (konstitutsion tuzumga tajovuz qilish) bo‘yicha ochilgan jinoiy ish yuzasidan ikkinchi sud yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Davlat ayblovchisi — Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Bahrom Qobilov ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi. Abdullayev va Olloyorov o‘z ayblarini to‘laligicha inkor qilgan, Nasriddinov aybini to‘liq, Salayev esa qisman tan olgan edi.
Ayblov versiyasi
Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, Bobomurod Abdullayev muxolif “O‘zbekiston xalq harakati” funksioneri bo‘lib, uning yetakchisi Saloy Madaminov (Muhammad Solih) bilan til biriktirgan.Ayblovga ko‘ra, 2012-yildan 2017-yil sentabriga qadar u internetda “O‘zbekiston konstitutsion tuzumini ag‘darish va qonuniy saylangan shaxslardan hokimiyatni tortib olishga qaratilgan biryoqlama va ig‘vogarona” materiallarni tayyorlash va tarqatish bilan shug‘ullangan.
Abdullayev Solih bilan 1995–1996-yillarda O‘zbekiston – Turkiya qo‘shma korxonasida ishlagan paytida tanishgan — Solih u yerda direktor o‘rinbosari bo‘lgan. Keyingi yillarda (1996−2001) Abdullayev Markaziy bankda muharrir-tarjimon, O‘zbekiston va Turkiya biznesmenlari ittifoqida tarjimon, “Asaka” banki marketing bo‘limi yetakchi mutaxassisi, “Ozodlik” radiosi Toshkent byurosi shtatdan tashqari muxbiri lavozimlarida ishlagan.
2002-yili Abdullayev Osloda inson huquqlari va so‘z erkinligi bo‘yicha konferensiyada bo‘lgan. U yerda jurnalist O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘ta og‘ir jinoyatlarda ayblanib qidiruvga berilgan Muhammad Solih bilan uchrashgan. 2003-yili Abdullayev sheriklari bilan birga Ozod Ovoz saytini yaratib, u yerda she’r, hikoya va ocherklarini chop eta boshlagan.
2005-yil oxirida internet orqali Muhammad Solih bilan suhbatlashib, “Usmon Haqnazarov” taxallusi ostida yozilgan bir necha maqolani rus tilida o‘zbekchaga o‘girishga rozi bo‘lgan. Elektron pochta orqali u “Andijon voqealari haqida…”, “O‘zbekistonni yo‘q qilayotgan Karimov klani”, “O‘zbekistondagi sionizm xususida” maqolalarini olgan. Bu materiallarda, ayblovga ko‘ra, O‘zbekistonning birinchi prezidenti haqida ig‘vo mavjud bo‘lgan. Abdullayev maqolalarining xarakterini bilgan holda ularni tarjima qilgan.
2006-yildan O‘zbekistonda bir qator mustaqil chet el ommaviy axborot vositalarini litsenziyadan mahrum qilish, akkreditatsiyasini bekor qilish (“Ozodlik” radiosi shular jumlasidan), shuningdek, stringerlar va frilanserlarni “O‘zbekistondagi siyosiy vaziyatni izdan chiqarishga qaratilgan ig‘vogarona va biryoqlama materiallar uchun” jinoiy javobgarlikka tortish boshlandi. Abdullayev Ozod Ovoz saytidagi faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatdi va “Turkiston-press” agentligiga sharhlovchi bo‘lib ishga joylashdi, keyinchalik esa “Urganch” futbol jamoasi matbuot kotibi sifatida ishga joylashdi va u yerda 2010-yilga qadar faoliyat yuritdi.
2011-yili Turkiyaga tashrifi chog‘ida Abdullayev yana Muhammad Solih bilan uchrashdi. U jurnalistga ishonchli vakil bo‘lishni taklif qildi. Abdullayev taklifni rad etdi. 2012-yil boshida Abdullayev, ayblovning ta’kidlashicha, “g‘arazli maqsadlarda” Solih bilan “jinoiy til biriktirib”, “O‘zbekiston siyosiy hayoti haqida biryoqlama va ig‘vogarona materiallar chop etish” majburiyatini zimmasiga oldi.
Solih Abdullayevga elektron pochta orqali yoxud Skype yordamida og‘zaki ravishda O‘zbekiston prezidenti, uning qarindoshlari va shaxsiy hayoti, shuningdek, huquq-tartibot strukturalari rahbarlari faoliyati haqidagi ma’lumotlarni yetkazar edi. Bu ma’lumotlar asosida Abdullayev maqolalar tayyorlar edi.
Maqolalarni tayyorlash chog‘ida Abdullayev “amaldagi hukumat, ijro hokimiyati organlari faoliyatini komprometatsiya qilish maqsadida o‘zining haqiqatga mos kelmaydigan uydirmalarini qo‘shgan, O‘zbekiston rahbariyatining siyosiy tashabbuslarini salbiy jihatdan ko‘rsatib, bu bilan fuqarolarda unga nisbatan ishonchsizlik tug‘dirgan va ularni amaldagi hokimiyatga bo‘ysunmaslikka undagan”.
Abdullayev maqolalarni elektron pochta orqali Solihga yetkazgan, u esa, o‘z navbatida, tahrirdan so‘ng materiallarni “O‘zbekiston xalq harakati” saytida chop etgan, va maqolalar “keyinchalik butun internetga tarqalib ketgan”.
“Xatti-harakatlarining qonunga zidligini bilgan va O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan ta’qib qilinishi mumkinligidan cho‘chigan Abdullayev boshqa shaxslarning daxl qilish imkoniyatini cheklash maqsadida o‘z pochtasini parol bilan himoyalagan, har bir maqolani yuborganidan so‘ng jo‘natilgan xatlarni o‘chirish yo‘li bilan tozalashni amalga oshirgan”, —deyiladi ayblovda.
Ayblovning fikricha, 2012-yildan 2017-yil sentabriga qadar Abdullayev tomonidan 142 ta “biryoqlama va ig‘vogarona” material tayyorlangan va Solihga yuborilgan.
“O‘z jinoiy faoliyatini davom ettirar ekan, Abdullayev ijro hokimiyati organlari, xususan, ularning konkret rahbarlari faoliyati, shuningdek, O‘zbekiston prezidentining shaxsiy hayoti haqida ma’lumot olish manbalarini kengaytirish maqsadida bir necha kishining ishonchiga kirgan, — deyiladi ayblovda. — Ular Abdullayevga yolg‘on va ig‘vogarona ma’lumotlar topib beradi, bu bilan ‘Usmon Haqnazarov’ taxallusi ostidagi maqolalar chiqishiga ko‘mak beradi. Bular — ‘G. Karimova va Toshkent butiklari o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar sxemasi fosh etildi’, ‘Karimov SNB va DBQni Hayotovparast unsurlardan tozalashni tugatdi’, ‘Mirziyoyevning tashabbuslarini u tayinlagan odamlar sabotaj qila boshladi’, ‘O‘zbekiston MXX raisi mansabiga nomzodlar haqida’ va boshqalardir”.
So‘ng “Abdullayev boshqa tarafdorlari bilan ‘O‘rim’ nomi ostida harbiy to‘ntarish o‘tkazish vositasida mamlakatda hokimiyatni zo‘rlik bilan egallashni maqsad qilgan Madaminov bilan til biriktirgan”.
Ayblovga ko‘ra, sudlanuvchilardan biri “yoshlarni siyosiy yo‘ldan ozdirib, yetakchilarining fikrlarini targ‘ib qilgan hamda ularga psevdodemokratizmni, plyuralizmni va hokimiyatni tutib turish, uni nazorat qilish uchun amaldagi hukumatga muxolif kuchlar bo‘lishi zarurligini singdirgan. Bu mamlakatda amal qilayotgan tuzumni konstitutsiyaga zid ravishda o‘zgartirish bilan bog‘liq yaqinlashayotgan g‘alayon chog‘ida yoshlarning qo‘llab-quvvatlashiga erishish maqsadida amalga oshirilgan”.
Ayblovga ko‘ra, hukumatni ag‘darish uchun ular dastlab “odamlarni ogohlantirish vositasi” bo‘lgan telegraf va pochtani egallashni maqsad qilgan.
Huquq-tartibot organlari ularni ta’qib qilishi va eshitishlaridan qochish maqsadida Solih tarafdorlari konspiratsiya uslublariga o‘rgangan.
2015-yili Solih Abdullayevga “konkret taktik harakatlar” vaqti kelganini aytdi. Ayblovda “O‘zbekistonda rangli inqilobni rejalashtirish va tashkil etish uchun” qandaydir Britaniya jamg‘armasi 70 million dollar ajratishga tayyor bo‘lgani aytiladi.
Solih “O‘rim” loyihasini o‘zbek tilida aytib turgan, Abdullayev esa uni rus tilida yozib turgan. Keyinchalik loyihani ingliz tiliga o‘girib, jamg‘armaga topshirish rejalashtirilgan.
Konstitutsion tuzumni ag‘darish uch bosqichda amalga oshirilishi lozim edi, bu jarayonga IIV, Bosh prokuratura, MXX va Mudofaa vazirligidagi ko‘zga ko‘ringan mansabdor shaxslar jalb etilishi kerak edi. Keng ommani ham jalb qilish rejalashtirilayotgan edi. Harbiy harakatlar, shuningdek, viloyat ahamiyatidagi shaharlar — Farg‘ona, Navoiy, Urganch va boshqalarda uyushtirilishi lozim edi.
“O‘rim” loyihasiga turli vazirlik va idoralar rahbarlarining suratlari hamda ular yashaydigan joylarning sxemalari, ularni egallash uchun kerak bo‘ladigan odamlar soni, shuningdek, jinoiy maqsadni amalga oshirish xarajatlari smetasi ilova qilingan edi.
Respublika sud ekspertizasi markazi sud-siyosiy-lingvistik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, “O‘rim” loyihasida “mavjud davlat tuzumini konstitutsiyaga zid ravishda o‘zgartirish, hokimiyatni egallash, qonuniy saylangan hokimiyat vakilini chetlatish, O‘zbekiston hududiy yaxlitligini konstitutsiyaga zid ravishda o‘zgartirish” g‘oyalari aks etgan, “noqonuniy qurolli guruhlar yaratish hamda ideologik va siyosiy adovat motivlari bo‘yicha ommaviy tartibsizliklar uyushtirish” targ‘ib qilingan.
“Usmon Haqnazarov” maqolalarida davlat hokimiyatini konstitutsiyaga zid ravishda o‘zgartirish, hokimiyatni egallash, qonuniy saylangan hokimiyat vakilini chetlatish g‘oyalari mavjud bo‘lib, ular noqonuniy qurolli guruhlar tuzishga targ‘ib qiladi, deb hisoblaydi ayblov.
Bobomurod Abdullayevning ko‘rsatmalari
7-mart kungi birinchi yig‘ilishda Abdullayev Milliy xavfsizlik xodimlari uni bir necha marotaba qiynoqqa solganini, kaltaklaganini, jismoniy zarar yetkazganini, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qo‘llaganini, uni o‘zi sodir etmagan jinoyatlarda iqror bo‘lishga majbur etganini xabar qildi. Ikkinchi yig‘ilishda u bu zo‘ravonliklarning tafsilotlarini aytib berdi.Ayblanuvchining so‘zlariga qaraganda, o‘tgan yilning 27-sentabr kuni soat 13:00 atrofida uning uyi oldida, “Fregat” qahvaxonasi yaqinida Abdullayev oldiga katta tezlikda oq Nexia kelib to‘xtagan. Mashina, haydovchidan tashqari, ikki nafar rus baquvvat erkak o‘tirgan. Ular o‘zlari savol berajaklarini, Abdullayev esa jim o‘tirishi lozimligini aytgan.
Mashinada dastlab unga katta soyabonli sariq kepka kiydirilgan, boshini egib o‘tirishni buyurishgan. Keyinroq uni qo‘lini kishanband etib, boshiga qora qop kiydirishgan, shaxsiy buyumlarini tortib olishgan. 15−20 daqiqalik yo‘ldan so‘ng uni 5x5 o‘lchamdagi yerto‘laga olib tushishgan.
“Meni kursiga o‘tqizishdi, o‘ng qo‘limni devordagi halqaga kishanlashdi. Bu xonada halqalar ko‘p edi — devorda, shiftda, hatto polda. Bu qiynoqlarga mo‘ljallangan maxsus xona bo‘lsa kerak deb o‘yladim”, — ta’kidladi Bobomurod Abdullayev.
“Qopni yechishdi, ikki kishi keldi, o‘zini tanishtirmadi… Ular men mafiya yerto‘lasida ekanimni aytdi”, — deb so‘zida davom etdi jurnalist.
Erkaklardan biri ular Abdullayevga MXX haqida faktlar berishini, so‘ng u bu ma’lumotlarni o‘z maqolalarida ishlatishi mumkinligini aytgan. Jurnalist rad javobini berdi, mafiya qo‘lidan hech narsa olmasligini, ichki axborotni tekshirib bo‘lmasligini aytgan. Erkaklar uni kameraga joylab, o‘zlari chiqib ketgan.
“Kamerada meni devorga bog‘lab qo‘yishdi va mana shunday uxlashimni aytishdi. ‘Kichkinasiga’ hojatga chiqishim uchun kichik plastik idish berishdi, ‘kattasiga’ chiqmaysan deyishdi. Men u yerda noma’lum ahvolda — yarim o‘tirgan, yarim yotgan, yarim turgan holda tun o‘tkazdim”, — deb o‘zining asoratdagi birinchi kunini tasvirladi Abdullayev.
Ertasi kuni bir rus tilli yigit unga kartoshka pyuresi olib kelgan, so‘ng hech qanday ovoz chiqarmasligini talab qilgan. Abdullayev uni kaltaklashni boshlashlarini tushungan.
So‘ng yana o‘sha ikki kishi kelgan. Ular qo‘shni xonadan yog‘och bita (tayoq), bir metrlik oq plastik quvur va sintetik arqon olib chiqqan.
“Ular men Usmon Haqnazarov ekanligimni aytdi. Men buni isbotlashni so‘radim. Ular chap qo‘limni ura boshladi. 28-sentabr peshinga qadar to‘xtovsiz kaltaklashdi. Birinchisi charchaganda ikkinchisi boshlar edi. Plastik quvurga o‘rganib qolganimni aytib, bita va aqronga o‘tishdi. Tovonim, to‘pig‘im, sonim, orqamga urishdi. Hushimni yo‘qotganimda ustimdan sovuq suv quyishardi”, — dedi Abdullayev.
Unga nega faqat chap qo‘li urilganini tushuntirishgan — o‘ng qo‘li qog‘ozlarni imzolash uchun kerak. “Rostan, biror marta o‘ng qo‘limga urishmadi. Keyin hujjatlarni imzoladim, shu hujjatlar pashshadan fil yasalishidan iborat bo‘lgan bu ayblovga asos bo‘lib xizmat qildi”, — deb tushuntirdi sudlanuvchi.
Abdullayevning ta’kidlashicha, uni olib qochgan shaxslarning ikkitadan ismi bo‘lgan — xizmatdagi laqabi va haqiqiy ismi. Birinchisining ismi Qobil (taxallusi — Javlon), ikkinchisining ismi — Majid (Hoji). Majid, jurnalistning so‘zlariga qaraganda, o‘ta shafqatsiz bo‘lgan: “U haqiqiy fashist, uni hatto odam deya olmayman”.
28-sentabr peshindan so‘ng Abdullayev “Usmon Haqnazarov” taxallusi ostida maqolalar yoza boshlagani haqida gapirib bergan. Birinchi maqolani u jinoiy ish materiallarida ko‘rsatilganiday 2012-yili emas, 2003-yil yanvari boshida yozgan.
Sudlanuvchining uqtirishicha, u “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Orifovning mehmoni bo‘lganida shu taxallus ostida yozishga qaror qilgan. Bosh kotib, o‘z navbatida, maqolalar uning so‘zlari asosida chiqayotganini payqamagan:
“Men unga aytardim: Otanazar aka, shuncha ko‘p narsa bilasiz, nega bu haqda yozmaysiz? Partiyada yoza oladigan hech kim yo‘q, deb javob berdi u”.
Orifov bilan suhbat asosida Abdullayev maqola yozib, “Centrasia.ru” nashriga yuborgan, maqola 22-yanvar kuni e’lon qilingan.
Abdullayevning maqolalari keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Sharhlovchilar MXX, IIV, prokuratura haqida ma’lumotlar yozgan. Abdullayev bu ma’lumotlarni saqlab qo‘ygan: “Faqat o‘tirib, tahlil qilish, bu ma’lumotlar o‘rtasida bog‘liqlikni topish kerak edi. Men bu ishni qilar edim”.
2005-yilga qadar Abdullayev o‘nga yaqin maqola yozgan. 2005-yilgi Andijon voqealaridan so‘ng u tanaffus olib, 2012-yilda, Muhammad Solih bilan shaxsan uchrashganidan so‘ng faoliyatini yangilagan.
Abdullayevning aytishicha, uni olib qochgan odamlar nima yozishni aytib turgan. U zo‘ravonlik ostida imzolagan hujjatlarda “Usmon Haqnazarov” taxallusi ostida faqat 2012-yildan, Solih bilan uchrashuvdan so‘ng yoza boshlagani aytilgan.
Shu tariqa birinchi tushuntirish xatida u boshqa ayblanuvchilar bilan aloqada ekanligini tan olgan. Unga ko‘ra, ayblanuvchilar Abdullayevga sobiq bosh prokuror, amaldagi Davlat xavfsizligi xizmati raisi Ixtiyor Abdullayev va ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovdan olingan axborotni yetkazib turgan. “Usmon Haqnazarov” nega tilga olingan shaxslar haqida “yomon” maqolalar yozmagani so‘ralganida Abdullayev bosh prokuror va ichki ishlar vaziri haqida yomon narsa eshitmaganini, ular halol insonlar ekanini aytgan. Ammo bu uni qiynoqqa solayotgan odamlarni qoniqtirmagan:
“Ular o‘g‘ri va poraxo‘r deb uqtirishar, meni kaltaklashar edi. Yoz deyishardi — men yozardim. Yana Solih meni majbur qilganini, tahdid va shantaj qilganini yozishni so‘rashdi”, — deb hikoya qildi ayblanuvchi.
Abdullayevning sud majlisida ta’kidlashicha, iqrornomalarda unga sana qo‘yishni taqiqlashgan — u faqat imzo va initsiallarini qoldirgan. E’tiroz bildirsa, plastik quvur bilan boshiga urishgan.
Shundan so‘ng bir necha kishi kelib, u nega MXX haqida yozib, IIV haqida yozmaganini so‘ragan. Abdullayev bular MXX xodimlari ekanligini taxmin qilgan.
Rus tili bir erkak prezident Shavkat Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatlashi tufayli uni qoralagan. “Siz hech narsani bilmaysiz, biz davlatning asosimiz, prokuratura, IIV yoki prezident apparati emas. Biz — davlat ustunimiz, biz davlatni ushlab turibmiz”, — degan u Abdullayevga.
29-sentabr kuni peshindan so‘ng Abdullayevning boshiga qora qop kiygizib, boshqa xonaga o‘tkazishgan. Uning taxminicha, bu MXX tergov izolyatori edi.
“O‘ylashimcha, qiynoqlarga mo‘ljallangan yerto‘la MXX tergov izolyatori bilan bitta binoda joylashgan. Nega? Chunki men tergov izolyatori va o‘ra yerto‘laning hojatxonalari va kafellari bir xilligiga e’tibor qaratdim. Ular meni shunchaki shaharga olib chiqib, ‘ekskursiya’ o‘tkazib, yana orqaga qaytarishgan”, — ta’kidladi sudlanuvchi.
Boshqa xona Abdullayev Nodir To‘raqulov ismli erkakni uchratdi. Abdullayevning so‘zlariga qaraganda, u mahbusning ko‘ziga so‘yil (dubinka) o‘qtalib, “prezidentni qanday qo‘llab-quvvatlashni ko‘rsatib qo‘yish”ini aytgan.
Tunda sudlanuvchi tergov izolyatorida bo‘lgan, u yerda uning tanasi ko‘zdan kechirilgan. Guvohlash bilan shug‘ullangan kishi, uning tanasidagi kaltaklash izlarini ko‘rib, “Tanangiz Ermitaj bo‘lib ketibdi, orqangiz galereya-ku. Dubinkaga yiqildingizmi? Boshqa yiqilmang” degan. O‘sha kuni uni suratga olishgan.
Sudyaning uning tanasida mahbuslikka qadar yaralar bor-yo‘qligi haqidagi savoliga javob berarkan, Abdullayev “Yo‘q” deb javob berdi. Ish kuni tugagani bois eshituv to‘xtatildi.
Birinchi sud yig‘ilishida Bobomurod Abdullayev chap qo‘lidagi jarohatlarni ko‘rsatgan edi.
Ikkinchi yig‘ilishda sud-tibbiyot ekspertizasi natijalari qiynoqlar qo‘llangani haqidagi versiyani tasdiqlamagani xabar qilindi. Guvohlash chap yelkada chandiq borligini ko‘rsatdi, ammo u qachon paydo bo‘lganini aniqlash imkoni bo‘lmadi.
Abdullayevning advokati Sergey Mayorov oqlovchi tomon sudlanuvchi qiynoqqa solinganini ta’kidlashda davom etishini, Abdullayev o‘z ko‘rsatmalari bilan buni tasdiqlashini aytib o‘tdi.
Keyingi sud majlisi 26-mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)