Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

O‘tgan hafta e’tiborga molik voqea-hodisalarga boy bo‘ldi — birgina Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifining o‘ziyoq qanday katta, tarixiy voqea. Mana shunday axborot oqimida “O‘zbekiston 24” telekanali “Axborot 24” dasturida ko‘rsatilgan eski “Abu Saxiy” bozorining bugungi faoliyati haqidagi lavha ham o‘z o‘rniga ega — reportajda e’lon qilingan raqamlar, sotuvchi-yu xaridorlarning fikrlari, chet ellik investor sharafiga yo‘llangan olqishlar muhokamalar mavzusiga aylandi. Qayd etish joiz, “Axborot 24”da ko‘rsatilgan bu lavha Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi tomonidan tayyorlangan edi.

Foto: “Daryo” / Dilshod Sharipov

Foto: “Daryo” / Dilshod Sharipov

“Axborot 24”ning yangilangan “Abu Saxiy” haqidagi lavhasi — bir xatboshida

“Abu Saxiy” bozoriga uch oy avval chet ellik investorlar jalb qilingan. Bozorning nafaqat nomi (endi u “Abu Saxiy” emas, Toshkent savdo markazi), balki uni boshqarish, savdo operatsiyalarini tashkillashtirish tizimi to‘liq qayta tuzib chiqilgan, hamma-hammaga qulay shart-sharoitlar yaratilgan. “Abu Saxiy”ning egalari bozorni faqat import tovarlar bilan to‘ldirishga uringan bo‘lsa, Toshkent savdo markazining “xalqaro tajribaga ega chet el investori” eksport bilan ham shug‘ullanmoqda (uch oylik eksport natijasida davlat byudjetiga 17 million dollar tushirilgan). Hamma xursand — xaridorlar narxlar uch oydan beri oshmay, faqat tushayotganidan (masalan, mobil telefonlar o‘rtacha 15—20 foizga arzonlagan),tadbirkorlar esa ijara haqi, to‘lovlar miqdori kamaygani, “avvallaridek o‘lpon yig‘ishlar” yo‘qligidan.Ijara haqi va boshqa to‘lovlar miqdori kamaytirilsa ham, Toshkent savdo markazining daromadi “Abu Saxiy”ning avvalgi yillardagi ko‘rsatkichlaridan bir necha barobarga ko‘p. Boz ustiga, “Abu Saxiy”da 2016—2017-yillarda ko‘rsatilgan xizmatlardan olingan 439 milliard so‘m mablag‘ davlat foydasiga tushmay, chetga chiqib ketgan. Shu bozorda 10 yildan beri telefon va maishiy texnika sotadigan Omon Jo‘rayev esa bir haftalar avval ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga raddiya berdi: “Hech kim bizning faoliyatimizga chek qo‘ygani yo‘q. Tekshiruvchilar, pul talab qilishlar yo‘q. Bularning bari bo‘lmagan gap”. “Axborot 24” xulosasi: “Xalqaro tajribaga ega chet el investorini tanlash shuni ko‘rsatdiki,.. megamajmuaning barqaror faoliyat olib borishiga, bu yerda ham tadbirkorlarga, ham aholiga qulay shart-sharoitlar yaratilishiga, sotilayotgan tovarlar narxlarining mo‘tadil bo‘lishiga erishildi”. Ura!
Bu gaplarning bari 8 daqiqa 55 soniyalik videoda biroz kengaytirilgan ko‘rinishda bayon qilingan:

“Mish-mishlar”ga raddiya

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 14-noyabrda Bosh prokuratura huzurida Axborot-tahlil multimedia markazini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi (markazning ochilishi 2018-yil 8-yanvar kuni bo‘lib o‘tdi). Bosh prokuraturaning qayd etishicha, markaz oldidagi vazifalardan biri — “media va ijtimoiy tarmoqlardagi axborot oqimini tahlil qilish hamda asoslantirilmagan, buzg‘unchi g‘oyalarni targ‘ib etuvchi ma’lumotlarga o‘z vaqtida munosabat bildirish va auditoriyaga haqqoniy va xolis axborot yetkazib berish”. Idora vakillarining qayd etishicha, bu “aholi orasidagi turli noaniqliklarga chek qo‘yish, noto‘g‘ri axborotga tegishli munosabat bildirish imkonini yaratadi”.

Biror bahonai sabab yo‘qdek ko‘ringan bir fursatda mamlakatning bosh axborot teledasturi Toshkentdagi, eng katta bo‘lsa-da, bir bozor bilan bog‘liq lavhaga salkam to‘qqiz daqiqa vaqt ajratishi — biroz kutilmagan hol. To‘g‘ri, lavha davomida avval aytilmagan ko‘plab raqamlar, qiziqarli ma’lumotlar berildi (ba’zilari hatto qo‘shimcha savollarga ham sabab bo‘lmoqda). Biroq, aftidan, butun boshli lavhadan ko‘zlangan asosiy maqsad telefon bilan savdo qiluvchi Omon Jo‘rayevning intervyusidan anglashilgandek. U, yangi savdo markazida eski “Abu Saxiy”dagi kabi “qo‘shimcha to‘lovlar” yo‘qligini aytib, “bir hafta—o‘n kun avval ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan gap-so‘zlar”ni rad etdi.

Tayyorlanmagan tomoshabin Omon Jo‘rayev “Axborot 24” orqali aynan nimaga raddiya bildirganini tushunishi qiyin. Lekin 23-fevral kuni “Kun.uz” nashrida egalari yangilangan “Abu Saxiy”da mobil telefon bilan savdo qiluvchi tadbirkorlar zimmasiga har oy 300 dollardan o‘lpon to‘lash vazifasi yuklatilgani haqida xabar chiqqani hisobga olinsa, hammasi oydinlashadi. O‘sha xabarda nashrning ismi oshkor etilmagan suhbatdoshi sobiq “Abu Saxiy” bozori ma’muriyati ham shunday yo‘l bilan noqonuniy pul yig‘imini amalga oshirib turganini aytgan, ammo endi “har oy 300 dollardan kimningdir cho‘ntagi uchun ishlasak, ro‘zg‘orni kim tebratadi”, deb fikr bildirgan edi.

“Axborot 24”da chiqish qilgan telefon sotuvchisi Omon Jo‘rayev esa shunday dedi:

“Oldinlari shartnomalardan, davlat soliqlaridan tashqari ham to‘lovlar bo‘lardi. Hozir unaqa to‘lovlar yo‘q. Hammasiga chek qo‘yilgan. Shundan xursandmiz. Faqat biz emas, bozorda ishlayotgan qancha tadbirkor bo‘lsa, hammasi shundan manfaatdor, xursand. Bir hafta—o‘n kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda har xil gap-so‘zlar bo‘ldi. Bunaqa narsa bo‘lgani yo‘q. Hech kim bizning faoliyatimizga chek qo‘ygani yo‘q. Ko‘rib turganingizdek, ochiq-oydin savdo qilib turibmiz. Hech qanaqa narsa bo‘lgani yo‘q. Tekshiruvchilar, pul talab qilishlar yo‘q. Bularning bari bo‘lmagan gap”.

Raddiya “gap egasini topadi” qabilida tayyorlangan bo‘lsa-da, baribir unda bir mujda bor — Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi nafaqat Davlat rahbari va hukumat imzolagan hujjatlarni sharhlayapti, endi “noto‘g‘ri axborotga tegishli munosabat bildirish”ni ham boshladi. Bundan avval ham markazning bir-ikki munosabati e’lon qilingan edi, lekin ular asosan prokuratura (yana ham aniqrog‘i, idoraning hozirgi kunda xalqqa eng yaqin qismi — Majburiy ijro byurosi)ning faoliyati bilan bog‘liq edi. Endi bilindiki, Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi hayotimizning prokuraturaga aloqador bo‘lmagan boshqa jabhalaridagi “noto‘g‘ri axborotga ham tegishli munosabat bildiradi”.

Savollar: Investor kim? Savdo majmuasining nomi nima?

Savollar ko‘p. Lavha davomida boshlovchi tomonidan “bu holga izoh berishga hojat yo‘q, deb o‘ylaymiz” deyilgani bilan, aslida savollar ko‘p. Masalan, “Abu Saxiy”ning 2016—2017-yillardagi faoliyatidan 439 milliard so‘m pul davlat byudjetiga tushmay, chetga chiqib ketgan, deyilyapti — u qanday pul, kim olib chiqib ketgan, agar bu davlat byudjetiga tushishi kerak bo‘lgan pul bo‘lsa, uning chetga chiqib ketgani uchun endi kim javob beradi va hokazo, va hokazo.

Lekin undan ham qiziqroq savol bor — “Axborot 24”ning lavhasi sobiq “Abu Saxiy”ning yangi egalari “chet ellik investorlar” ekanini, ular bozorni sotuvchiga ham, xaridorga ham qulay bir megamajmuaga aylantirayotganini, eski xo‘jayinlar qilmagan ko‘p yaxshi ishlarni qilib, ko‘p yaxshi natijalarga erishayotganini bildirdi. Lekin shunday ibratli investorlarning kimligini, ularning ismlarini va qayerdan ekanliklarini aytmadi. “Abu Saxiy”ning yangi egalari kimligi ko‘pchilikka qiziq, “Axborot 24” esa, ko‘rinishidan, bu qiziqishni yanada kuchaytirdi.

“Abu Saxiy” endi qanday nomlanishi ham bir qiziq masala. 5-yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati shunday deb yozgandi: “Sobiq ‘Abu Saxiy’ MChJda davlat byudjetiga bir oyda 5 milliard so‘m tushgan. Ushbu bozor ‘Toshkent ipak yo‘li’ majmuasiga aylantirilgandan so‘ng atigi 15 kunda tushum 35 milliard so‘mga yetgan”. “Axborot 24”ning lavhasida esa chet ellik investorlar bozorning nomini “Toshkent savdo markazi” deb o‘zgartirgani haqida gapirdi. Qayd etish joiz, bozor ma’muriyatidagi manbalar avvalroq “Daryo”ga “Abu Saxiy”ning rasmiy nomi endi “Toshkent savdo markazi” ekanini ma’lum qilgandi.

Bunday bezarar va og‘riqsiz savollar bisyor, lekin bularning bariga “Uchrashuv” filmining “Sovchilik” sahnasidagi mashhur ta’rifni keltirgan ma’qul, shekilli — chet ellik investorimiz “qachon tilga kirsalar, hammasini o‘zlari gapirib beradilar”. Rostdan ham — ijtimoiy tarmoqlar vositasida mijozlar bilan muloqot qilish foydadan xoli emas, qo‘shimchasiga har turli gap-so‘zlarga ham ikki hafta o‘tmay javob qaytarish, munosabat bildirish mumkin.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
Qatarlik investorlar “Manchester Yunayted”ni sotib olishga jiddiy kirishgan. Bu ularga 8 mlrd funtdan ko‘proqqa tushishi mumkin
Dunyo
Kim Chen In qizi va rafiqasi bilan armiya komandirlarining qarorgohiga tashrif buyurdi (foto)
Mahalliy
BMT Termizdan Afgʻonistonga navbatdagi insonparvarlik yordamini joʻnatdi