Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Rustam Jo‘rayev ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Muloqot davomida taraqqiy etayotgan poytaxt xavfsizligini ta’minlash borasida barcha imkoniyatlar ishga solinayotgani qayd etildi. Poytaxtda ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari tashkil etildi. Fuqarolarning eng muhim muammolarini hal etish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatlarga tezkor choralar ko‘rishni ta’minlash bilan bog‘liq ishlar ularning alohida nazoratida. Shuningdek, tashkil etilgan 73 ta ichki ishlar bo‘limi zimmasiga jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishni amalga oshirish uchun javobgarlik yuklatilgan.
Jinoyatlarga choralar ko‘rish va ularni fosh etishda tezkorlik va muvofiqlashgan hamkorlikni ta’minlash maqsadida “Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksi imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.
Bunday choralar natijasida joriy yilning yanvar, fevral oylarida Toshkentda jinoyatchilik 43,7 foizga kamayishiga erishildi. Aniqrog‘i, 1063 jinoyat sodir bo‘lgan, o‘tgan yilning shu davrida esa bu ko‘rsatkich 825 ni tashkil etgan. Sodir bo‘lgan jinoyatlarning 90 foizi ochilgan.
Poytaxt ko‘chalari, mahallalarida o‘rnatilgan 140 mingdan ortiq videokamera jinoyatlarni fosh etishda qo‘l kelmoqda. 200 dan ortiq jinoyatni sodir etganlar shu usulda aniqlandi.
Chorrahalarda hosil bo‘layotgan tirbandliklar poytaxtning muammolaridan biriga aylanmoqda. Bunga vaqtida chora ko‘rish maqsadida mototsiklli xizmat xodimlari faoliyat yurityapdi. Hozircha ularning soni o‘nta bo‘lib, ular tirbandlik haqida xabar kelib tushishi bilan voqea joyiga zudlik bilan yetib borib, vaziyatni barqarorlashtirmoqda.
Profilaktika xizmati xodimlarining barchasi xizmat uyi va avtomashina bilan ta’minlangan. Bu xizmat sifatini oshirgan. 176 mahallada joriy yilda birorta ham jinoyat sodir bo‘lmagan. Ammo yartilayotgan sharoitlarga qaramay soha xodimlari orasida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yish holati, afsuski, hamon uchrab turibdi. Shu yilning o‘tgan davrida ana shunday qilmishi uchun uch nafar xodim javogarlikka tortilgan va ishdan bo‘shatilgan.
Ochiq muloqot davomida ichki ishlar organlari xodimlari ma’naviyatini yuksaltirishga oid ishlar amalga oshirilayotgani aytib o‘tildi. Shuningdek, yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalari, ularni berish tartibi, bu borada fuqarolarga qulaylik yaratish, yo‘l harakati xavfsizligini kuchaytirish, yirik bozorlar atrofini tartibga solish kabi masalalarga oid savollarga javob qaytarildi. Navro‘z bayramini tinch va osoyishta o‘tkazish borasida qilinayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.
Izoh (0)