Samarqand shahridagi “So‘g‘diyona” istirohat bog‘ini zamovaniy dam olish maskaniga aylantirish uchun keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda, deb xabar berdi O‘zA.
Shahar hokimi Furqat Rahimovning aytishicha, viloyat hokimining joriy yil 23-fevraldagi qaroriga ko‘ra, ushbu bog‘ o‘rnida zamonaviy innovatsion istirohat bog‘i tashkil etiladi. 6,3 gektar maydonni egallagan hududda karting klubi, muz ustida uchish bo‘yicha “Muz saroyi”, sayyohlar uchun zamonaviy mehmonxona, restoran va boshqa ko‘ngilochar maskanlar bunyod etiladi. Yangi attraksion va o‘yin qurilmalari o‘rnatiladi.
“Yangi bog‘ loyihasi asosida ayni paytda hududdagi eski binolar buzilib, yangi obyektlarning qurilish ishlariga kirishilmoqda. Mavjud attraksion va boshqa vositalar shahardagi istirohat bog‘lariga ko‘chirilyapti. Innovatsion bog‘ni bunyod etishda har tomonlama qulay qurilish materiallari, zamonaviy texnologiyalardan foydalaniladi. Samarqandda ilk bor qurilayotgan muz saroyini ham xalqaro standartlarga mos loyiha bo‘yicha yaratish rejalashtirilgan”, — deydi loyiha tashkilotchisi – Family Park MChJ mas’ul xodimi X.Po‘latov.
Joriy yilning sentabr oyiga qadar foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan obyekt nafaqat mahalliy aholi, balki Samarqandga keladigan xorijlik sayyohlar uchun muhim turistik maskan bo‘ladi.
Shuningdek, eski bog‘ hududidagi sun’iy suv havzasi o‘rnida ham bugungi kunda zamonaviy akvapark qurilishi jadal olib borilmoqda.
“3,5 gektar maydonni egallagan hududda 200 o‘rinli mehmonxona, qishki sport-sog‘lomlashtirish markazi, bolalar, o‘smirlar va kattalarga mo‘ljallangan cho‘milish havzalari, kafe va boshqa ko‘ngilochar maskanlar bunyod etilmoqda. Cho‘milish havzalarini qurish va jihozlashda xitoylik hamkasblarimiz tajribasidan samarali foydalanayapmiz. Umuman loyihaga ko‘ra, bu yerda dam oluvchilar uchun eng zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratiladi. O‘tgan yil iyul oyida boshlangan qurilish ishlarining dastlabki bosqichini joriy yilning iyun oyigacha yakunlash ko‘zda tutilgan”, — deydi “Samarqand Dobusiya akvalend” MChJ rahbari B.Ibragimov.
Izoh (0)