O‘zbekistonga xorijdan malakali mutaxassislarni qaytarish ishlari kuchaytiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar kuni bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ma’lum qildi.
Biz xorijiy mamlakatlarda qonuniy asosda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan fuqarolarimizga nisbatan munosabatni tubdan o‘zgartirdik, deya qayd etdi Prezident.
“Yurtimizdan maxsus delegatsiyalar borib, chet ellardagi vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazayotgani, ularning mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilash, haq-huquqlarini ta’minlash bo‘yicha mahalliy boshqaruv idoralari bilan birgalikda zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotganidan, o‘ylaymanki, sizlar xabardorsiz. Jumladan, xorijiy davlatlarda muvaffaqiyatli ishlab yurgan yuqori malakali olim va mutaxassislarimiz, vrachlar, salohiyatli investorlarni – ularning orasida iste’dodli opa-singillarimiz ham ko‘p – yurtimizga taklif etib, o‘z bilim va tajribasini Vatanimiz ravnaqi yo‘lida ishlatishi uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqdamiz”, — ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
“Chunki bu insonlar ham bizning vatandoshlarimiz, O‘zbekiston fuqarolaridir. Shuning uchun biz bu ishlarni kelgusida yanada kuchaytiramiz”, — dedi davlat rahbari.
Izoh (0)