Birlashgan kurash dunyosi xalqaro assotsiatsiyasi sportchilarning yangi reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik uch kurashchi dunyo reytingida peshqadamga aylanib oldi.
Abbos Rahmonov yaqindagina Bishkek mezbonlik qilgan sport kurashlari bo‘yicha Osiyo Chempionatining erkin kurash dasturida kumush medalga ega chiqqandi. Qo‘lga kiritgan ballari bilan u -61 kilogramm vazn toifasida jahonning eng yaxshi sportchiga aylanib oldi.
Rashid Qurbonov esa erkin kurashning -79 kilogramm vazn toifasida Osiyo vitse-chempioni bo‘lishga erishdi. Ochkolari esa uni dunyo reytingida peshqadamga aylantirdi.
Va nihoyat sportning shu turida Magomed Ibragimov Osiyo Chempionatini oltin medal bilan tugatgandi. Yakunda u -97 kilogramm vazn toifasida jahon reytingining karvonboshisi bo‘ldi.
Erkin kurashda mo‘g‘ulistonlik 4 sportchi o‘z vazn toifasida birinchi ekanini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Qozog‘iston, Nigeriya va Eronning 1 nafardan sportchisi peshqadam sifatida ko‘rsatilgan.
Erkin kurashda O‘zbekiston delegatsiyasi Osiyo Chempionatini umumjamoa hisobida 1-o‘rinda yakunlashga muvaffaq bo‘lgandi.
Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo Chempionatida umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi
Yunon-rum kurashida esa o‘zbekistonliklar Qirg‘iziston va Qozog‘istondan keyin qit’ada uchinchi bo‘lgandi. Mazkur turda Elmurat Tasmuradov oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, uning to‘plagan ochkolari jahon reytingida peshqadamlik qilish uchun yetmagan. Yunon-rum kurashida o‘zbekistonliklardan hech bir sportchi jahon reytingida birinchi emas. Qozog‘iston va Eronning esa 4 nafardan sportchisi shohsupada turibdi, yana 2 ta vazn peshqadamligi qirg‘izistonlik sportchilarga tegishli.Peshqadamlar asosan osiyolik ekani ham tushunarli. Aynan qit’a chempionatidan keyin bu sportchilar yaxshigina ochkolarga ega bo‘lib olgandi.
Izoh (0)